Sirdaryo viloyati Xovos tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan tumanning Mustaqillik mahallasida qandolatchilik, novvoylik, tikuvchilik va hunarmandchilikni rivojlantirish hamda Farg‘ona tajribasini mahallada tatbiq etish bo‘yicha “Farg‘ona tajribasi amalda” nomli ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Unda viloyat mas’ullari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, otinoyilar, nuroniylar, tadbirkor va deputat ayollar, faol xotin-qizlar hamda mahalla aholisi ishtirok etdi.


Ko‘rgazmali seminarda chekka hududlarning infrastrukturasidan kelib chiqib, kichik hunarmandchilik bozorlarini tashkil etish, hunarmandlar mahsulotlari onlayn savdosini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, maktablarni hunarmandchilikka oid qo‘llanmalar bilan ta’minlash, hunarmandlarni zarur xomashyo va infratuzilma bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish hamda uni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Mustaqillik mahallasidagi qo‘l mehnatiga asoslangan tadbirkorlik sub’ektlarini birma-bir ko‘zdan kechirildi, milliy qadriyatlarimiz va milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etildi.


Mahallaning pir-u badavlat onaxonlari har bahorda yurtimizga tinchlik, qut-baraka so‘rab yaxshi niyatlar bilan sumalak tayyorlashni an’anaga aylantirgan. Ishtirokchilarga ko‘klamning tansiq taomi bo‘lgan sumalak ulashildi.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston jahon xalqlari madaniyati rivojiga sezilarli hissa qo‘shib kelayotganligi, bugun dunyoning ko‘plab muzeylarida saqlanayotgan osori-atiqalarimiz, amaliy san’at namunalari barchamizning ko‘zimizni quvontirishi hamda ushbu madaniyat an’analarini munosib davom ettirish, uni asrab-avaylash va kelajak avlodga munosib ravishda yetkazish lozimligi ta’kidlandi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA