Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda tadbirkorlar safi kengaymoqda
14:18 / 2026-02-06

Xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish hamda mahallalarda ishbilarmon ayollar safini kengaytirishga qaratilgan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasidagi ko‘rik-tanlovning mahalla bosqichi hozirgi kunda joylarda keng qamrovda o‘tkazilmoqda.

Jumladan, O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Nukus shahar Kengashlari “Ayollar qanoti” faollari ishtirokida Nukus shahridagi “Chimboy choyxona”, “G‘arezsizlik” hamda “Xalqlar do‘stligi” mahalla fuqarolar yig‘inlarida tanlovning mahalla bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda partiyadan saylangan deputatlar mahallalarda faoliyat yuritayotgan ishbilarmon xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi. Uchrashuvlar davomida ayollarning tadbirkorlik faoliyati, erishgan natijalari, mavjud muammolari hamda kelgusidagi rejalari bilan yaqindan tanishildi.

Tanlov doirasida “Chimboy choyxona” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Alfiya Tleo‘muratovaning xususiy bolalar bog‘chasi o‘rganildi. Mazkur bog‘chada ayni vaqtda 150 nafarga yaqin bola tarbiyalanib, ular uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgani, ta’lim-tarbiya jarayoni yuqori darajada tashkil etilgani qayd etildi.

“G‘arezsizlik” mahalla fuqarolar yig‘inida esa tadbirkor Amina Ibodullayevaning xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxona bugungi kunda 3 ta filialga ega bo‘lib, aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlab kelmoqda. Shuningdek, “Xalqlar do‘stligi” mahalla fuqarolar yig‘inida yakka tadbirkor Nigora Alenovaning bolalar massaji markazi faoliyati o‘rganildi. Biznesini o‘z uyi yonida tashkil etgan tadbirkor qisqa vaqt ichida bir qator tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan. 15 yildan ortiq tibbiyot sohasida ishlagan Nigora Alenova bugungi kunda “ustoz–shogird” an’anasini davom ettirib, mahalladagi xotin-qizlar uchun o‘quv kurslarini ham yo‘lga qo‘ygan.

Tanlov jarayonlari mahallalarda ishbilarmon ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilg‘or tajribasini ommalashtirish hamda yangi tashabbuslarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri