Ayni kunda Andijon viloyatida 270 mingdan ortiq iste’molchiga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Iste’molchilarga tabiiy gaz viloyatdagi mavjud 5 ming 700 kilometr gaz quvurlari orqali yetkazib berilmoqda. “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida mavjud gaz quvurlarini ta’mirlash, holatini yaxshilash, xizmat muddatini uzaytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasidagi ishlarni o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchilik va nosoz holatlar zudlik bilan bartaraf etilmoqda. Jumladan, viloyat bo‘yicha jami 2,3 kilometr gaz quvurini mukammal ta’mirlash, 3,5 kilometrini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Andijon shahrining Nodira ko‘chasidagi yer osti o‘rta bosimli tarmoqning 700 metr qismi, Asaka tumani “Baraka” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi tarmoqning 1 kilometr qismini ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-24410]
Ayni kunga qadar Xo‘jaobod tumanidagi “Bahrin” mahalla fuqarolari yig‘iniga tortilgan diametri 273 mm bo‘lgan 2,2 kilometrlik yer osti o‘rta bosimli gaz tarmog‘ining 600 metr qismi mukammal ta’mirlandi. Natijada 2 ming 653 ta xonadondagi tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanishiga erishildi. Bundan tashqari, 154 kilometr uzunlikdagi gaz quvurlari tartibga keltirildi, ta’mirlandi va bo‘yoqlandi.
– Tarmoqlarni qayta rekonstruksiya qilish ishlari rejasiga ko‘ra 3,5 kilometr uzunlikdagi tarmoqning xizmat muddati yanada uzaytirildi, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Xurshidbek Qodirov. – Andijon shahridagi Istiqlol mahallasi yo‘nalishidagi 3,2 kilometrlik yer usti o‘rta bosimli gaz tarmog‘ining 1,5 kilometrli qismi, Xo‘jaobod tumanining Bahrin, Izboskan tumanining Beshterak mahallalaridagi iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi 2,8 kilometrlik yer osti o‘rta bosimli gaz tarmog‘ining 21,2 kilometr qismi rekonstruksiya qilinadi.
Tabiiy gazni yetkazib berishda nafaqat gaz quvurlari, balki gaz tarqatish qurilmalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu kunga qadar viloyatdagi mavjud 1 ming 31 dona gaz tarqatish qurilmalarining 463 tasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirildi.
Tumanlardagi 30 ta qurilmada mukammal ta’mir ishlari olib borildi, ularning xizmat muddatlari yanada uzaytirildi. Belgilangan rejaga ko‘ra, 135 kilometr gaz quvurini bosim ostida sinash va havo bosimi yordamida tozalash belgilangan bo‘lib, bu boradagi ishlar reja asosida olib borilmoqda.
Soha xodimlari tomonidan 223 kilometr yer usti gaz quvurlari bo‘yoqlandi. Shuningdek, mavsumga tayyorgarlik jarayonida 855 kilometr uzunlikdagi yer osti gaz quvurlari holati maxsus uskunalar yordamida tekshirish rejalashtirilgan. Mutaxassislar tomonidan hozirga qadar 516 kilometr gaz quvurining holati tekshirilib, reja 60 foizga bajarildi. Tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Yuqorida amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatdagi 110 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 27 mingdan ortiq xonadonning tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, mavsumni betalafot o‘tkazish, iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan zarur barcha ishlar olib borilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.