Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarligida Oqoltin tumanida “Qizil” toifaga kiritilgan 4 ta mahallada “Favqulodda vaziyatlardan holi mahalla” keng qamrovli profilaktik tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir avvalida profilaktik-nazorat ishlariga jalb etilgan shaxsiy tarkibga xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi. Har bir xonadon sinchkovlik bilan tekshirildi, is gazidan zaharlanish holatlari, dudburon va isitish moslamalari, elektr tarmoqlaridagi nosozliklar hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratildi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, tumandagi 11 ta mahallaning 4 tasi “Qizil” toifaga kiritilgan bo‘lib, barcha shahar va tumanlardan jalb etilgan 50 nafarga yaqin favqulodda vaziyatlar davlat inspektorlari tomonidan 28 ta ko‘p qavatli uydagi 324 ta xonadon hamda 626 ta yakka tartibdagi uy-joy ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar natijasida jami 377 ta kamchilik aniqlandi. Shulardan 216 tasi favqulodda vaziyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar sifatida baholanib, joyida bartaraf ettirildi. Qolgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi va ijrosi nazoratga olindi.


Shuningdek, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, is gazidan zaharlanish, yong‘in va boshqa turdagi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha 1200 dan ortiq eslatma va targ‘ibot materiallari tarqatildi. Fuqarolarga xavfsizlik qoidalari, gaz va elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish hamda mavsumiy isitish vositalarini tekshiruvdan o‘tkazish zarurligi haqida amaliy tavsiyalar berildi.
– Yaqinda viloyatning Sayxunobod tumanida “Qizil toifa”ga kiritilgan mahallalar — Turon, Gulbuloq, Do‘stlik, Baxmalsoy, Nurli yo‘l, O‘rikzor, Ittifoq, Paxtaobod va Sintopdagi aholi xonadonlari va infratuzilma holati o‘rganilgandi. Natijada 817 ta kamchilik aniqlanib, ular yuzasidan tuman hokimligi, gaz va elektr ta’minoti korxonalari hamda mahalla raislariga rasmiy taqdimnomalar kiritilgandi. Shu boisdan bunday profilaktik tadbirlar aholining xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi Davron Sulaymonov, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati boshlig‘i. – Ular orqali nafaqat is gazidan zaharlanish va yong‘in xavflari kamaytiriladi, balki aholi va shaxsiy tarkib orasida xavfsizlik madaniyati mustahkamlanadi. Barcha xonadonlar va uy-joylardagi kamchiliklarni bartaraf etish bevosita “Favqulodda vaziyatlardan xoli mahalla” konsepsiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri