Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi hamda qator tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda aholi xonadonlarida favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelish xavfini kamaytirishga qaratilgan profilaktik choralar ko‘rildi.
Jumladan, yong‘in, is gazi bilan zaharlanish, chaqnash kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish, elektr energiyasi, tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlaridan hamda isitish pechlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlarining oldini olish masalalari ilmiy-texnik yondashuvlar asosida o‘rganildi.

O‘rganish ishlari mahallalarning geografik joylashuvi va tabiiy xususiyatlarini, jumladan, past-baland hududlar, sel va boshqa xavf omillarini inobatga olgan holda, shahar markaziga yaqin, o‘rta va olis hududlarda joylashgan mahallalarni tanlab olish asosida tashkil etildi. Shuningdek, so‘nggi besh yil davomida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning statistik ma’lumotlari, ularning oqibatlari hamda ilmiy-texnik hisob-kitoblar tahlili asosida manzilli yondashuv qo‘llanildi.

Tadbirlar davomida dudburon, pech va mo‘rkonlar hamda shamollatish tizimlarining holati, nosoz elektr rozetka va viklyuchatellar, elektr avtomatlari, sim va kabellarning sozligi, gaz ta’minoti qurilmalarida gazoanalizatorlarning mavjudligi, tejamkor gaz gorelkalari o‘rnatilishi, elektr simlarining gofra orqali izolyatsiya qilinishi, gaz jihozlarini texnik sozlash va moylash ishlari, shuningdek, gaz quvurlari jo‘mraklari hamda maishiy gaz uskunalarining maxsus shlanglar orqali ulangani kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur profilaktik tadbirlarning asosiy maqsadi mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash ishlarini “mahallabay” va “xonadonbay” tizimi asosida yo‘lga qo‘yish, “Mahallamizni favqulodda vaziyatlardan himoyalangan hududga aylantiramiz” shiori ostida aholining xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishdan iboratdir.
Qayd etilganidek, hozirgi kunda har bir mahalla bo‘yicha alohida “Xavf indikatori” ishlab chiqilib, xonadonlar xavf darajasiga ko‘ra “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilmoqda. “Qizil” toifadagi xonadonlarda kuchaytirilgan profilaktika tadbirlari olib borilib, ularni bosqichma-bosqich “yashil” toifaga o‘tkazish choralari amalga oshirilmoqda.

Ushbu ishlarni samarali tashkil etishda favqulodda vaziyatlar organlari inspektorlari hamda "mahalla yettiligi" o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etib, mazkur mexanizm aholi xavfsizligini ta’minlashda muhim natijalarga erishishga xizmat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA