Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashining Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari tomonidan shahardagi “Imom al-Buxoriy” mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Mahalla hududida “Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, daraxtlarni parvarish qilish va sug‘orish tizimlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni o‘rganish doirasida soliq tushumlari holati va qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar chuqur tahlil qilindi. Jumladan, mahalla jamg‘armasiga tushgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi ko‘rib chiqildi.

Ijtimoiy himoya va ta’lim sohasi yo‘nalishi bo‘yicha ham yig‘inda bir qator ibratli ishlar amalga oshirilganligiga guvoh bo‘lindi. Kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoya muhtoj fuqarolar bilan ishlash natijadorligi komissiya a’zolari diqqat markazida bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan yordam holati ham batafsil tahlil qilinib, ushbu masala ham mahalla faollarining e’tiboridan chetda emasligiga ishonch hosil qilindi.
Shuningdek, “Dolzarb – 90 kun” doirasidagi ishlar holati o‘rganib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar ham ijobiy ekanligi, yoshlar bilan ishlashda yaxshi natijalarga erishilayotganligi e’tirof etildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.