Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda ma’rifat maskanlari kengaymoqda
15:44 / 2025-04-09

Kutubxona qadim-qadimdan insonlar uchun ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘i, jamiyat hayotining ajralmas qismi bo‘lgan. Faqat kutubxonalar tufayligina qadimgi qo‘lyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbalar bizgacha yetib kelgan. Shu sabab mamlakatimizda kutubxonalar sonini ko‘paytirish va kutubxonalarda kitobxonlar uchun talabga javob beradigan zamonaviy sharoitlarni hamda eng sara asarlarni yetkazib berishga alohida e’tibor berilmoqda.

Xususan, Toshkent shahar hokimligi hamda “O‘zmilliybank” AJ hamkorligida poytaxtimizning 14 ta mahallasida zamonaviy kutubxonalar tashkil etilgan bo‘lib, ushbu kutubxonalarda 10 mingga yaqin o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlari hamda axborot texnologiyalari bilan jihozlangan sharoit mavjud. Bugungi kunda ushbu kutubxonalarda 2 mingdan ortiq faol kitobxon bo‘lib, ularning soni oshishda davom etmoqda.

Ushbu maskanlar aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, yoshlarni kitob mutolaasiga jalb etish va ularning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, mahalla kutubxonalarida kitobxonlik targ‘iboti hamda moliyaviy savodxonlik darslari Toshkent shahar hokimligi va “O‘zmilliybank” AJ vakillari tomonidan muntazam olib borilmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA