Mamlakatimizda keyingi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, xususan, nogiron, yolg‘iz yashovchi keksalar, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar hamda nogiron bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Farmonga asosan, Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Agentlik tasarrufida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilib, bugungi kunda ana shu tizim samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida mahallalarda kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam ko‘rsatishga qaratilgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarmoqda.
2023 yilning 1 oktyabridan Andijon shahri va Xo‘jaobod tumanida, joriy yil mart-iyun oylari davomida Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida ijtimoiy xodimlar o‘z faoliyatini boshladi. Umuman, ayni kunda viloyatdagi mahallalarda 398 nafar ijtimoiy xodim ish olib bormoqda. Har bir xodimga 2 mingtadan oila biriktirilgan. Bugun ular tomonidan mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga kompleks ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilmoqda.
O‘tgan qisqa davr mobaynida aksariyat ijtimoiy xodimlar belgilangan toifa vakillariga xizmat va yordamlar ko‘rsatish borasida e’tiborga molik ishlar olib bormoqda.
Jumladan, Jalaquduq tumanidagi Dehqonobod, Osuda hayot, Qo‘rtqi mahallalariga biriktirilgan Dildoraxon Shamurotova ham samarali ish olib borayotgan ijtimoiy xodimlardan biridir.
– Menga biriktirilgan Dehqonobod, Osuda hayot va Qo‘rtqi mahallalaridagi mavjud 1 ming 476 xonadonda 7 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi Jalaquduq tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi Dildoraxon Shamurotova. – Ana shu mahallalarda yashovchi, ijtimoiy reyestrga kiritilgan 300 nafarga yaqin nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kamta’minlangan fuqarolar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda, ularga belgilangan yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatilmoqda.
[gallery-20157]
Hozirga qadar kamta’minlangan oilalarda yashovchi 20 nafar fuqaroning muammolari bartaraf etildi. Jumladan, 11 nafar ishsiz fuqaro qo‘shni mahallada joylashgan “And billur tekstil” korxonasiga ishga joylashtirildi, 4 nafarining o‘zini o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlandi, 5 nafariga dehqonchilik qilish uchun 15 sotixdan yer ajratildi. O‘nga yaqin kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga homiylik asosida ust-bosh, maktab formalari berildi.
– Sharoitimiz og‘ir, farzandlarim bilan qiynalib qolgan edik, – deydi Dehqonobod mahallasi, Ittifoq ko‘chasida yashovchi Qizlarxon Ergasheva. – Menga ijtimoiy xodim ko‘magida subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi. Shu orqali endi oz bo‘lsa-da daromad topish imkoniga ega bo‘ldim.
Shuningdek, belgilangan boshqa yo‘nalishlarda ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, bir guruh fuqarolarga yordam pullari, nogironlik aravachasi, maxsus hassalar berildi. Nogironligini belgilay olmayotganlarning nogironligi belgilandi, davolanishga imkon qilolmayotganlarga davolanishi uchun moddiy yordam ko‘rsatildi, tazyiqqa uchragan 10 nafar ayolga himoya orderi berildi.
Ikki nafar voyaga yetmagan bolaga vasiylar biriktirildi.
Jumladan, Osuda hayot mahallasida yashovchi Dilfuzaxon Yusupovaga guruh nogironligi belgilangan bo‘lsa, pullik xizmatga muhtoj Q.Uraimovga assistent biriktirildi. Qo‘rtqi mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi Hoshimjon Mahsudovga ko‘zi ojizlarga mo‘ljallangan maxsus hassa berildi. Dehqonobod mahallasida yashovchi
To‘lqinbek G‘opporovga esa davolanish uchun 1 million 700 ming so‘m mablag‘ ajratildi.
– Qizim Sabina 10 yoshda, nogironligi sabab yura olmaydi, deydi uning onasi, Dehqonobod mahallasi Ittifoq ko‘chasida yashovchi
Gulnozaxon Mahmudova. – Mahallamizda ish olib borayotgan ijtimoiy xodim ko‘magida qizimga nogironlik aravachasi berilganligidan behad quvondik. Bundan tashqari, o‘zim ham mahalla ko‘magida ishga joylashdim.
Biz kabi qiynalgan, nogiron farzandi bo‘lgan oilalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ko‘mak uchun Prezidentimizga, mana shunday xayrli ishga bosh-qosh bo‘layotgan barcha insonlarga rahmatlar aytaman.
Ta’kidlash joizki, Jalaquduq tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi Dildoraxon Shamurotovaning sa’y- harakati bilan unga biriktirilgan mahallalarda ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda. Natijada odamlarni qiynayotgan qator muammolar bartaraf etilmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy xodim tomonidan aholining ijtimoiy xizmatlar va yordamlarga ehtiyoji o‘rganib borilmoqda, fuqarolarning ijtimoiy xizmatlar haqidagi xabardorligi, kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar olishiga bo‘lgan huquqlari tushuntirilmoqda.
Umuman, viloyatning barcha tuman va shaharlarida aholiga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hajmi, sifati va samaradorligi tobora ortib bormoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari