Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Chirchiq shahar, Bo‘stonliq, Qibray, Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlarida faoliyat yuritayotgan profilaktika inspektorlari bilan ochiq muloqot, uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab xizmat vazifasini vijdonan bajarib, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash hamda jinoyatchilikning oldini olishda jonbozlik ko‘rsatgan, namunali inspektorlar alohida e’tirof etildi. Ularning ota-onalariga hurmat ko‘rsatildi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng profilaktika inspektorlari tomonidan mavjud savollar hamda muammoli vaziyatlar yuzasidan taklif va ularning yechimlari o‘rganildi. Viloyat hokimi tartib-intizom, aholining osoyishtaligini mahallada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi borasida so‘z yuritdi. Shuningdek, jinoyatchilikni erta jilovlash, profilaktika inspektorining ishini yengillashtirish bilan birga natijadorligini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Aytish mumkin, viloyatda 136 ta qizil toifadagi mahallaga shahar-tuman hokimlari, prokurorlari, Ichki ishlar organlari va soliq idoralari rahbarlari nomma-nom biriktirilgani qayd etildi. Xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hududlarga kameralar o‘rnatish, 577 ta xavfsiz ko‘chalar va mingdan ortiq xavfsiz yo‘laklar tashkil etilganiga ahamiyat qaratildi.



Ochiq muloqot tarzda o‘tgan uchrashuvda profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati va ish samaradorligini oshirishga oid takliflari tinglandi.
A.Musayev, O‘zA