Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda jamoat tashkilotlarining 350 dan ortiq loyihalari amalga oshiriladi
17:19 / 2022-04-30

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining dastur va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan 82,3 milliard so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan 18,7 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholining keng qatlamlari manfaatlarini ifoda etuvchi jamoat tashkilotlarining dastur va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida 15 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha mablag‘ ajratish belgilandi. Bu, o‘z navbatida, joriy yilda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 700 dan ortiq dastur va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishga esa 3000 dan ortiq jamoat tashkilotlarining ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.

Bu haqda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida so‘z bordi.

NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining dastur va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsad-vazifalari va jamoatchilik nazoratining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilinar ekan, loyihalarga ajratiladigan mablag‘lar aniq natijaga yo‘naltirilgan byudjet tamoyili asosida ochiq tanlovlar orqali amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, Davlat grantlari shaklida ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy muhit nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalarda jamoat tashkilotlarining 27 milliard so‘mlik 350 dan ortiq loyihalari amalga oshiriladi. Mazkur loyihalar xotin-qizlar va yoshlarning bandligiga ko‘maklashish, islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, jamiyatda ijtimoiy ong va dunyoqarashini o‘zgartirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, obodonchilikni, tibbiy va ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning ma’naviy-ruhiy va intellektual salohiyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikda bajariladi.

Shunga ko‘ra, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining “Mahallalarda aholini, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning bandligiga ko‘maklashish” hamda “Aholiga islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish, ularning ongi, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini o‘zgartirish” mavzularida davlat grantlari ajratish uchun 2 ta tanlov e’lon qilish tasdiqlandi.

Qayd etilganidek, davlat ijtimoiy buyurtmalari shaklida bandlik va mehnat munosabatlari, huquq, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, turizm, ekologiya, oila va xotin-qizlar, yoshlar masalalari kabi sohalardagi 11 ta davlat organining davlat ijtimoiy buyurtmalarini bajarishga 14 milliard so‘m ajratilmoqda. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi davlat organlarining davlat ijtimoiy buyurtmalarini NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan bajarilishini ta’minlash maqsadida ochiq tanlov e’lon qildi.

Bundan tashqari, davlat subsidiyasi shaklida 36 ta yirik jamoat tashkilotining ustav faoliyati va yillik ish rejasini bajarishga 71 milliard 700 million so‘m yo‘naltirish belgilandi. Natijada 860 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, 1300 dan ortiq NNTni islohotlar ijrosiga keng jalb qilish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, xodimlarining kasbiy malakasini oshirish kabi vazifalar amalga oshiriladi.

Parlament komissiyasi yig‘ilishida ushbu yo‘nalishdagi masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA