Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ahmad Yugnakiy va «Sultoniya» fuqarolar yig‘inida IT axborot texnologiyalari va tikuvchilik o‘quv markalari faoliyatini boshlashi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Mirzo Ulug‘bek tumani Mahalla fondining «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Ahmad Yugnakiy mahalla fuqarolar yig‘ini binosida zamonaviy kompyuter, mebel jihozlari bilan jihozlanib, internet aloqalari bilan ta’minlangan IT axborot texnologiyalari o‘quv markazi tashkil etildi.

— Ahmad Yugnakiy mahallasiga rahbarlik qilayotganimga ikki oy bo‘ldi, – deydi Qadamboy Musayev. — Hali ko‘p ishni amalga oshirishga ulgurmadik. Lekin oldinda ko‘p maqsadlar turibdi. Bularni sekin-asta amalga oshiryapmiz. Mahalla binosi zamonaviy. Hududda 5600 nafardan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. Mahallaning har bir qarich yerini obod qilishni ko‘zlaganmiz. Fuqarolarning kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida IT axborot texnologiyalari o‘quv markazi tashkil etdik. Bu ishni o‘zimiz qilolmasdik. Hokimiyat tomonidan katta yordam berildi. Zamonaviy kompyuter jamlanmalari, uzluksiz internet bilan ta’minlandik. Maktab yoshdagi bolalar ancha faol. Kasb-hunari yo‘q, vaqtincha bekor bo‘lgan fuqarolarga ham zarur bilimlar berishni yo‘lga qo‘ydik.

Mahalla binosida tashkil etilgan o‘quv markazida kuniga 30 nafargacha bolalarni 3 smenada o‘qitish imkoni yaratilgan. Qayd etilishicha, markaz mahallalarda ishsiz yoshlarni kelgusida IT yo‘nalishiga qiziqtirish, shu sohani mukammal egallagan kadrlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
— Bir yarim yildan buyon dasturchilik bilan shug‘ullanyapman, — deydi Alisher Tursunov. — Dasturchi tengdoshlar bilan mahallamiz saytini yaratdik. Unda aholi haqida, joylashuvlar haqida ma’lumotlar bor. Mahalla hayotidagi yangiliklar qo‘yib boriladi. Mahalladagi dasturchilikka qiziqadigan bolalardan tashkil etilgan «Yosh dasturchilar» nomli guruhimiz bor. Guruh bolalari bilan dasturchilikda ko‘p narsalarni o‘rganyapmiz. Hozirda tumandagi boshqa mahallalar saytini yaratish bo‘yicha izlanyapmiz.
Shuningdek, tumandagi «Sultoniya» mahalla fuqarolar yig‘ini binosida zamonaviy tikuv mashinalari bilan jihozlangan 11 o‘rinli tikuvchilik o‘quv markazi tashkil etilgan. Ushbu o‘quv markazida ham 3 smenada o‘qish tashkil etilib, ishlash istagida bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarni o‘quv markazining o‘zida ish bilan ta’minlanadi. Xotin-qizlarning yakka tartibda tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun ham imkoniyatlar yaratib berilgan.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu o‘quv maskanlar mamlakat rahbarining «Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda zamonaviy o‘quv markazlari tashkil etilgan.
Qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 70 ta mahallalarda sektor rahbarlari, hokim yordamchilari va hamkor tashkilotlar bilan aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha doimiy qabullar tashkil etilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Boquvchisini yo‘qotgan oilalar, keksalar, nogironlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash maqsadida 321 nafar fuqarolarga jami 482 million so‘m, sog‘lig‘ini yo‘qotgan, nogironligi bor fuqarolarning jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, zaruriy dori darmonlar uchun 1629 million so‘m, kundalik ehtiyojlari uchun birlamchi oziq-ovqat, un mahsulotlari bilan ta’minlash uchun 810 million so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatilgan.
D. Mamatova, O‘zA