Bugungi kunda mamlakatimizda mahalla institutini isloh qilish, uni xalqqa yaqin va samarali tizimga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mahalla tizimini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi yillarda mahallalarda “yettilik” tizimining joriy etilishi ijobiy natijalar bermoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston ruhi kirib borishi kerak bo‘lgan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olingani, ularga katta miqdorda mablag‘ ajratilayotgani – bu mahallalarning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Mahallalarga yangi vakolatlar berilishi, jumladan, 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarish huquqining berilishi mahallalarning mustaqilligini ta’minlash, ularning o‘z daromadlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlarga mahalla binolarini zamonaviy servis ob’ektlariga aylantirish uchun berilayotgan imtiyozlar ham iqtisodiy rivojlanishga katta turtki beradi.
Muhim jihati, viloyat va tuman hokimlari endi har bir mahalla kesimida qiladigan oylik ishlarini mahalliy kengashlarda himoya qilib, aholiga hisobot beradi. Bu o‘z navbatida mahalliy boshqaruv tizimining shaffofligini ta’minlash, xalq bilan muloqotni kuchaytirish, shuningdek, mahallalarning rivojlanishiga yangicha sur’at bag‘ishlaydi.
Ayniqsa, Prezidentimiz yig‘ilishda mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yechim topilishi kerak bo‘lgan bir qator masalalarga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, oilalarning ajralishi, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash, erta nikohlar kabi muammolarga qarshi kurashish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish vazifalari belgilandi. Biz oila qurish – nafaqat o‘zi, balki turmush o‘rtog‘i va farzandlari oldidagi katta mas’uliyat ekanini yoshlarga tushuntirish, ajrimlarda taraflar manfaatini himoya qilish zarurligini ta’kidlaymiz.
Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ berilishi ham mahallalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamdir. Bu albatta deputatlarga juda katta imkoniyat degani. Chunki deputatlar ushbu mablag‘larni o‘z saylov okrugidagi mahallalarning infratuzilmasini yaxshilashga, aholining turmush sharoitini yaxshilashga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, mahallalarning rivojlanishiga qaratilgan barcha islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, ijtimoiy muhitni yaxshilash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi ezgu ishlarda faol ishtirok etadi.
Zero, islohotlarimizning ostonasi bo‘lgan har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish – bugungi kunning eng muhim vazifasidir.
Tojiboy Romanov
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining raisi,
Jo‘qorg‘i Kenges deputati
O‘zA