Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda ham kutubxona ochilmoqda va to‘qson yoshli Qarshi bobo kitob o‘qiyotir
09:38 / 2025-06-23

O‘zbekiston Prezidentining kitob mutolaasi va kitobxonlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha bundan bir necha yillar avval qabul qilgan farmoyish va qarorlari mamlakatimizning barcha joylarida kitobga bo‘lgan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirib yubordi.

Buni Jarqo‘rg‘on tumanidagi Qorayantoq mahallasida ish boshlagan  mahalla kutubxonasi misolida ham ko‘rish mumkin. Respublika markaziy banki ko‘magida tashkil etilgan bu ziyo maskani yaqindagina ochildi. Unda o‘zbek adabiyoti namunalari, jahon adabiyoti durdonalari jamlangan. Jami bo‘lib mingta kitob fondiga ega bu ma’naviyat o‘chog‘i mahallada yashayotganlarning sevimli ma’rifat maskaniga aylangan. Kutubxonada har kuni  kitobga, badiiy asar mutolaa qilishga qiziqqan o‘nlab kishilarni uchratish mumkin. Ular yuzlab badiiy va ilmiy-ma’rifiy  kitoblardan bahramand bo‘lishmoqda.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Saydulla Abduraimov mahalla kutubxonasiga o‘nlab kitoblar sovg‘a qildi.

– Yurtimizda kitobxonlikka e’tibor yanada yaxshilanayotganidan mamnunmiz. Jamoamizda mehnat qilayotgan O‘ktam Aliboyevning ham kitob mutolaa qilishga qiziqishi yanada ortgan. Mening o‘zim ham o‘ntaga yaqin roman va qissa o‘qidim. Hozirgi paytda viloyatimizda 724 ta mahalla faoliyat ko‘rsatayotir. Biz bu xayrli ishni davom ettirib, yil oxirigacha yuztadan ziyod mahallada kutubxona tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu ma’rifat o‘choqlari qishloq odamlarining ma’naviy olamini yanada boyitishda katta ahamiyat kasb etayotir, – deydi Saydulla Abduraimov.

Mahallalarda oltmish-yetmish yoshdan oshgan kitobxonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Abdurashid Ortiqov, Xudoyor Muhammadiyev, Ochildi Qodirov, O‘rol Xudoyqulov, Yo‘ldosh Mirzayev, Jo‘ra Rahmatullayev, Ahmad Jahongirov, Boymurod Azimov, Toshmamat To‘rayev, Yaxshiboy Abduqodirov singari o‘nlab nuroniylar kutubxonalardan deyarli har haftada kitob olib, o‘qishayotgani maqtovga molikdir.

Bundan tashqari, Jarqo‘rg‘on tumanidagi Minor mahallasida yashaydigan faxriy o‘qituvchi Jonpo‘lat Ermurodov tomonidan tashkil etilgan kutubxona ham keksayu yoshlarning sevimli joyiga aylangani diqqatga sazovor.

Qiziriq tumanidagi Istara qishlog‘ida istiqomat qilayotgan to‘qson yoshga kirgan Qarshi bobo Xudoyqulov deyarli har kuni badiiy asar  o‘qiydi.

Jovli Xushboqov, 

O‘zA muxbiri