Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish – bugunning ustuvor vazifasi
10:23 / 2024-08-22

Ma’lumki, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida «drayver» sohalarni rivojlantirish va hududlar salohiyatidan to‘liq foydalanish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish va «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish rejalashtirilgan.

Bunda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirishga, xususan Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tumanlarida joriy qilingan tajribalar asosida tizimli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan ko‘rsatma va topshiriqlarni o‘z vaqtida, samarali va tizimli ijro etish maqsadida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bir qator dasturlar tasdiqlanib, ijroga qaratilmoqda.

«Mikrokreditbank» ATB tomonidan aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali ularning daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsiz fuqarolarni biror faoliyat turi bilan band qilish, mahallalarda tadbirkorlik muhitini shakllantirish maqsadida katta qadamlar tashlangan. Mahalla va xonadonlar kesimida aholining talab, taklif hamda ehtiyojlaridan kelib chiqib, biznes loyihalar taklif qilinmoqda. Ularning tadbirkorlikka ilk qadam qo‘yishlarida ko‘maklashilmoqda.

Bankka biriktirilgan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha «Sayhunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribasi»ni keng joriy etish orqali I yarim yillikda qanday ko‘rsatkichlarga erishildi?

Quyida shular haqida qisqacha to‘xtalamiz.

Ta’kidlash kerakki, bank tomonidan «Sayxunobod tajribasi» doirasida respublika bo‘yicha 116 ta shahar va tumanlardagi 1 230 ta mahallalarga 157 ta hududiy bo‘linmalardan jami 1 230 nafar xodim biriktirildi.

Bankka biriktirilgan tumanlarda «bir kontur-bir mahsulot» tamoyili asosida namunali loyihalar ham amaliyotga keng tatbiq etildi.

Masalan, dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan 100 dan ortiq konturdagi 869 gektar yer maydonlarida «Bir kontur, bir mahsulot» tamoyili asosida namunali loyihalarni amalga oshirish uchun 79 ta agregatorlar tanlab olindi.

Agregatorlar tomonidan birinchi ekinda 78 ta mahallaga 859 gektar yer maydoniga «Bir kontur, bir mahsulot» tamoyili asosida poliz va meva-sabzovot ekinlari ekilgan. Agregatorlarga tijorat banklari tomonidan 3,4 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan. Ushbu agregatorlarga 2 908 nafar kishi kooperatsiya a’zosi sifatida biriktirildi.

Shu o‘rinda Bankning mijozlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlari ham dastur ijrosini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.

Aprel iyul oylarida bankning yuridik mijozlari orqali 45 591 ta (rejaga nisbatan 111%, 50 780 ta) yangi ish o‘rni yaratildi.

Yaratilgan ish o‘rinlari «Yangiish.mehnat.uz» platformasiga to‘liq kiritilmoqda.

Bankning mijozlari bilan aprel iyul oylarida Boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, departament direktorlari va hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan jami 290 marotaba uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda 5 019 ta murojaat tushgan bo‘lib, shundan 3 281 ta murojaat ijobiy (shundan, 3 045 tasiga 370 mlrd. so‘m kredit va 8 ta 21 mlrd. so‘m kredit qarzdorligini muddati uzaytirildi) hal qilinib, 7 125 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Qolgan murojaatlarning ham ijrosini bajarish choralari ko‘rilmoqda.

Misol uchun, Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi «Ostona Mebel Servis» XK Avtomaktab tashkil etish uchun 2 mlrd. so‘m kredit olish yuzasidan bankka murojaat qilgan. Tadbirkorga PQ-212-sonli qaror asosida 2 mlrd. so‘m kredit ajratilib, 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

BRB instrumentlarining samaradorligi bo‘yicha joriy yilning 1 avgust holatiga PQ-306-sonli qaror doirasida 6 767 nafar fuqaroga 686,5 mlrd. so‘mlik imtiyozli kredit olish uchun sertifikatlar berilgan. Bankning hududiy bo‘linmalari tomonidan 4 776 nafar mijozga 469,4 mlrd. so‘mlik kredit ajratilishi natijasida 8 422 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bank tomonidan shuningdek, mahallalarda mikro va kichik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham qator ishlar bajarildi.

Hokim yordamchilari bilan birgalikda bankka biriktirilgan mahallalarda 16 014 ta mikroloyihaga 588 mlrd. so‘m kredit ajratilib, 29 028 ta yangi ish o‘rni yaratilib, ijrosi 126 foizga bajarildi. Shuningdek, «Online Mahalla» platformasiga hozirga qadar jami 1 trln. so‘mlik 15 477 ta mikroloyihalar kiritildi.

Bankka biriktirilgan mahallalarda ajratilgan kreditlar bo‘yicha bugungi kunga qadar 38 278 ta jismoniy va yuridik shaxslarga 1 trln. 36 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Jumladan,

- PQ-306-sonli qarori doirasida 1 495 ta tashabbuskorga 144 mlrd so‘m;

- Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 27 105 nafariga 436,6 mlrd so‘m;

- «Biznesga birinchi qadam» bank mahsuloti 6 746 nafar aholiga 88,2 mlrd so‘m. Shuningdek, o‘z o‘zini band qilgan jismoniy shaxslarga «Mahalla biznesi» kredit mahsuloti doirasida 5 272 nafar aholiga tadirkorligini boshlashi uchun 78,1 mlrd so‘m kredit ajratildi.

II yarim yillikda qanday ishlar amalga oshiriladi?

«Mikrokreditbank» tomonidan «Sayhunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribasi»ni keng joriy etish bo‘yicha II yarim yillikda ham aholining biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, yangi bank mahsluotlari, oilaviy tadbirkorlik dasturlari, norasmiy ish o‘rinlarini tiklash, yangi investitsion loyihalar, kasanachilik va boshqa faoliyat turlari hisobiga yil yakunga qadar 215 171 nafar ish o‘rnini yaratish rejalashtirilgan.

Bankka biriktirilgan mahallalarda qaror doirasida 6575 nafar tadbirkorga 548,7 mlrd so‘m kredit ajratilishi natijasida 13 000 dan ortiq aholini bandligini ta’minlanadi.

Shuningdek, II yarim yillikda ham mahallalarda mikro va kichik loyihalarni amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilingan. Kichik ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kabi 24 966 ta mikroloyihalar uchun 493,4 mlrd. so‘mlik bank krediti yo‘naltiriladi. Loyihalar ishga tushishi natijasida 50 212 ta ish o‘rni yaratiladi.

Bugun mahallalarga biriktirilgan har bir mas’ul xodim xonadonma-xonadon yurib, fuqarolarning yashash tarzi, qiziqishlari va qanday faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, murojaat va muammolarini o‘rganmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan islohotlar natijasida bugun odamlarning turmush sharoitlari yaxshilanib, moddiy jihatdan farovonligi ortib bormoqda. Ishsizlar soni kamayib, mahallalarda yangi yo‘nalishlarda kichik tadbirkorlar ko‘paymoqda. Bu esa davlatimiz va bank oldiga qo‘ygan maqsadlar sari dadil odimlashiga xizmat qiladi.

I.Avvalboyev, O‘zA