French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalar yanada obod bo‘ladi
16:44 / 2022-11-10

Prezidentimizning “2022-2023 yillarda mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tuzilgan Respublika ishi guruhi Andijon viloyatining tuman va shaharlarida bo‘lib, joylardagi muammolarni o‘rgandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan manzilli dastur ishlab chiqilgan.

Ushbu dastur asosida viloyatdagi 473 ta mahallada umumiy qiymati 581 milliard so‘mga teng 527 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Buloqboshi tumanidagi 18 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida 19 ta loyihani amalga oshirish uchun 16 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan mahallalardagi ko‘chalar asfaltlanadi, elektr energiyasi hamda ichimlik suvi tarmoqlarini tortish, ta’mirlash, suv quduqlarini o‘rnatish, mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino qurish, maktablar isitish tizimini ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Mahallalarda nuroniylar, aholi va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida loyiha doirasidagi ishlarni boshlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tmoqda.

Buloqboshi qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirda aholi Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurt tinchligi va osoyishtaligi, xalq turmush farovonligini oshirish yo‘lida qilinayotgan bunyodkorlik ishlaridan minnatdor ekanligini bildirdi.  

– Ochig‘i, mavjud muammolarni hal etish, bu kabi bunyodkorlik ishlarini ro‘yobga chiqarish odamlarning ko‘p yillik orzulari edi, – deydi mehnat faxriysi Mahmudjon Ibayev. – Avvallari bitta ko‘chani asfaltlash uchun qancha ovoragarchiliklar bo‘lar, qancha to‘siqlardan o‘tish kerak edi. Shukrki, bugun davlatimiz tomonidan odamlarning og‘irini yengil qilish, hayotini yaxshilashga e’tibor kuchaydi, mavjud muammolarni bartaraf etishga katta miqdorda mablag‘ ajratilmoqda. Bu ishlar albatta, barchamizni quvontiradi. Mana shunday xayrli ishlarimiz bardavom bo‘lsin.  

Belgilangan loyihalar doirasida yaqin vaqt ichida buloqboshiliklarni qiynab kelayotgan 19 ta muammo bartaraf etiladi.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA.