Qaror va ijro
Buxoroda joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida viloyat hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralari, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikni kamaytirish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash masalalari keng muhokama qilindi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat idoralari, tegishli boshqarmalar rahbarlari hamda “mahalla yettiligi” vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni viloyat hokimi Botir Zaripov olib bordi.
Dastlab, Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida hududlarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar tinglandi.
Yig‘ilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ikromjon Tursunov 2025 yilning o‘n oyi davomida jinoyatchilik holati, jinoyatlarning xavflilik darajasi hamda ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida viloyatda o‘tgan yilga nisbatan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni kamayganligi, 312 ta (60 foiz) mahallalarda umuman jinoyat sodir etilmaganligi, yana 174 ta (34 foiz) mahallalarda jinoyatlar soni kamayganlgi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda, ayniqsa, ayollar va yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi huquqbuzarliklar hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tanqidiy tahlillar o‘tkazildi. Ayrim tuman va shahar rahbarlarining bu boradagi sustkashligi, masalaga faqat hisobot uchun yondashayotganlgi keskin tanqid qilindi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov yoshlar bilan tizimli ishlash, “mahalla yettiligi” faoliyatini kuchaytirish, jamoat xavfsizligini ta’minlashda mas’ullar o‘rtasida aniq hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida, mas’ullarga jinoyatchilikni kamaytirish, ijtimoiy profilaktika tizimini kuchaytirish, ayollar va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Zarif Komilov, O‘zA