Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “O‘zbekiston mahallalar uyushmasi kubogi” uchun sportning gandbol turi bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma’lumki, 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 5-bosqichda “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari yo‘lga qo‘yildi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining 2024 yilgi mavsumida ishtirok etish maqsadida viloyatdagi yoshlarning 264 ming 121 nafari onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan.
Bugungi kunga qadar yengil atletika, stol tennisi, vorkaut, mini futbol, futbol, shaxmat va shashka, armreystling, voleybol, stritbol, kurash bo‘yicha musobaqalar, “Yoshlar ovozi”, “Yosh musavvirlar”, “Mushoira”, “Zakovat” tanlovlarining mahalla, sektor, tuman (shahar) bosqichlarida 212 ming 547 nafardan ziyod yosh qamrab olindi.

– “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “O‘zbekiston mahallalar uyushmasi kubogi” uchun gandbol sport turi bo‘yicha musobaqalar uch bosqichda o‘tkaziladi, – deydi Yoshlar ishlari agentliginin viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Bahromov. – Ushbu musobaqalar 17-30 yoshdagi yoshlar o‘rtasida sentyabr-noyabr oylarida tasdiqlangan reja asosida tashkil etiladi.
Dastlab jamoalar beshtashabbus.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi va saralanadi. Musobaqalar tuman (shahar) – viloyat – respublika bosqichidan iborat. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, musobaqalarda yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan sport unvoni va razryadi bo‘lgan sportchilar, shuningdek, mahalladagi yoshlar yetakchilari, sport maktablarining trenerlari, umumta’lim maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari ishtirok etishlari taqiqlanadi.

Musobaqaning respublika final bosqichida 1-o‘rinni egallagan mahalla jamoasiga “Universal”, 2-o‘rinni egallagan jamoaga “Strit-vorkaut” va 3-o‘rinlarni egallagan jamoalarga “Vorkaut” sport maydonchalari qurib beriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri