Yurtimizdagi islohotlarga daxldorlik hissini uyg‘otish, bunyodkorlik jarayonlarida faol ishtirok etishga undashda “Tashabbusli byudjet” dasturi katta turtki bermoqda.
Namangan viloyatidagi bir qator o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘zining yangi, zamonaviy binolariga ega bo‘lmoqda. Shular qatorida Mingbuloq tumanidagi O‘rtaqishloq va Paxtakor mahallalari uchun barpo etilgan yangi binolar foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimida viloyat va tuman faollari, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi mutasaddilari, nuroniylar ishtirok etdi.



Bugungi qurilish talablariga javob beradigan ko‘rkam guzarlarda har ikki hududdagi “Mahalla yettiligi” xodimlari uchun alohida xonalar, majlislar zali mavjud bo‘lib, bunyodkorlik ishlari “Ochiq byudjet” portali orqali qo‘lga kiritilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirildi.


Hozirda, mahalla idoralari avvalgidek shunchaki odamlar kelib ketadigan joy emas, balki aholi muammolari bilan manzilli ishlaydigan, o‘zaro fikr-mulohaza almashadigan, odamlarning har qanday muammosiga yechim topadigan manzilga aylanishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.