Mamlakatimizdagi 9 ming 452 mahallada MFY raisi bilan birgalikda 57 ming nafardan ortiq davlat organlari vakillarining bevosita faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Davlat organlari faoliyatini tashkil etishda mahalla raisining vakolatlari yanada kengaytirildi. Mahalla raisiga “yettilik” a’zolarining ishga kelishi va ketishi davomatini yuritish, asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha 20 ball baho berish, har oyda kamida 10 tadan muammoli masalalarni hal etishini nazorat qilish, har haftada ularning hisobotini eshitish kabi vakolatlar berilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirishda mahalla raislarining mas’uliyati oshirildi.
Shu sababli, 2025 yil 12 fevralda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan mahalla raislariga qo‘shimcha imkoniyatlar berildi.
– Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori – “mahalla yettiligi” – yagona jamoa sifatida ish olib bormoqda, – deydi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Ijtimoiy daftarlar hamda Bandlikka ko‘maklashish va aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan yordamlarni “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshirish amaliyoti joriy etildi. Mahalla raisiga qo‘shimcha vakolatlar berilib, “mahalla yettiligi”ning umumiy rahbari sifatida mas’uliyati oshirilayotgan bir vaqtda, fuqarolar yig‘ini raisi sifatida uni saylash muddatining uch yil etib belgilangani, ularning o‘z bilim va tajribalarini amaliyotda qo‘llab, belgilagan rejalarini to‘laqonli amalga oshirishlari uchun yetarli bo‘lmay qoldi.
Shu maqsadda Prezidentimizning “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida fuqarolar yig‘ini raisi vakolat muddatini uzaytirish zarurligi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mahalla raisining vakolat muddatini 3 yildan 5 yil muddatga uzaytirish belgilandi.
“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha kiritildi va unda mahalla raisini saylash muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi.
Bundan tashqari, 2020 yilda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi rahbar organining qarori bilan ushbu tashkilot tugatilgan bo‘lib, qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmagan edi.
Shu bois, “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunda “fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlari” so‘zlari “mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari” so‘zlariga o‘zgartirildi.
Qonundagi muhim o‘zgartirishlardan yana biri – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining kengashi vakolatida bo‘lgan fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish muddatlarini belgilash normasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlari vakolatiga o‘tkazildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalla raisi sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va tartibini belgilovchi vakolatlarni nomarkazlashtirish hisoblanadi.
Shu bilan birga, qonunda Respublika ko‘maklashuvchi komissiyalarining vakolatlari viloyat ko‘maklashuvchi komissiyaga o‘tkazildi.
Qonun fuqarolar yig‘inlari raislarining o‘z bilim va qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishiga keng yo‘l ochadi. Endilikda mahalla raislari o‘z hududidagi aholining manfaatlarini ta’minlash uchun ko‘proq harakat qilishi zarur. Zotan, vakolat ham, imkoniyat ham shu maqsadda – quyi tizimda muammolar bartaraf etilishi, xalqni rozi qilishga qaratilgan.
Norgul Abduraimova,
O‘zA