Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalar osoyishtaligi jamiyat taraqqiyotini kafolatlaydi
21:16 / 2019-08-16

Respublikamizdagi 10 mingga yaqin mahallaning 6 ming 100 dan ortigʻida joriy yilning 6 oyi davomida jinoyat sodir etilmadi.


Respublikamizdagi 10 mingga yaqin mahallaning 6 ming 100 dan ortigʻida joriy yilning 6 oyi davomida jinoyat sodir etilmadi.

Ammo 1 ming 217 ta mahallada jinoyatchilik oshgan va ushbu mahallalarning 146 tasi Toshkent viloyatidadir. Viloyatda qayd etilgan jinoyatlar tahlil etilganda, 347 ta jinoyatga ishsizlik sabab boʻlgani maʼlum boʻldi. Viloyatda atigi 6 foiz ishsizlar bandligi taʼminlangan. Natijada 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 47 taga oshgan.

Noqobil oilalar, yaʼni farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi ota-onalar respublika boʻyicha 4 ming 450 nafardan ortiqni tashkil etib, 2018-yilga nisbatan qariyb ming nafarga kamaygan. Ammo Toshkent viloyatida bunday oilalar 127 taga koʻpaygan. Xususan, Bekobod shahrida 35 taga, Quyi Chirchiq tumanida 29 taga, Olmaliq shahrida 24 taga, Parkentda 19 taga, Yangiyoʻl shahrida 14 taga, Nurafshon shahrida 10 taga oshgan boʻlsa, Olmaliq shahridagi Yassaviy nomli mahallada 4 ta noqobil oila roʻyxatga olingan. Tahlillar yana shundan dalolat bermoqdaki, ushbu hududlarda sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyati mana shunday oila vakillari tomonidan sodir etilmoqda.

Boʻka tumanida shu davrda 75 ta jinoyat sodir etilgan. Hududdagi Parkent, Doʻstlik, Madaniyat va Qoraquduq mahallalarida jinoyatchilik oshgan. Kiyikchi, Qoʻldoshtepa va Mirzabek mahallalarida esa noqobil oilalar roʻyxatga olingan.

Bu haqda Toshkent viloyati Boʻka tumanida “Oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda keksa avlod vakillarining oʻrni” mavzusida oʻtkazilgan seminarda batafsil maʼlumot berildi.

Oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda keksalarning faolligini oshirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish hamda galdagi ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan muloqotda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika va hududiy kengash raislarining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari va mutaxassislari, fuqarolar yigʻinlari raislarining mazkur yoʻnalish boʻyicha oʻrinbosarlari, Ichki ishlar vazirligi, “Nuroniy” jamgʻarmasi masʼullari, Boʻka tumani mahallalari raislari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqaruvining noyob tizimi – mahalla institutini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani fuqarolar yigʻinining xalqning chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshiga aylanishiga zamin yaratayotgani taʼkidlandi.

Amaliy muloqotda mahalla va boshqa masʼullar tomonidan oilalardagi nizolar yuzaki koʻrib chiqilayotgani, yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilmasligi, profilaktik choralar koʻrilmasligi, oilalardagi muhitni oʻrganish uchun mutasaddilarda muammoli oilalar bilan ishlash boʻyicha bilim va malakaning yetarli emasligi tufayli turli salbiy holatlar yuzaga kelayotgani qayd etildi.

“Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” degan hayotiy tamoyilni mahallalar faoliyat mezoniga aylantirsa, oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatlar, voyaga yetmaganlar nazoratsizligi hamda huquqbuzarligi barham topishi, bu borada keksa avlod vakillari mahalladoshlariga ibrat boʻlib, jamoatchilik nazoratini olib borishi zarurligi qayd etildi.

Seminarda oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashda barcha tashkilotlar masʼullari hamkorlikda ishlashi, bu borada keksa avlod vakillari tomonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan zarur vazifalar belgilab olindi.