Davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbus bilan birga mahallalarda olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish va buni "Sirdaryo tajribasi" sifatida hayotga tatbiq etish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi. Zudlik bilan bu borada tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, joylarda amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Boyovut tumanining Istiqlol mahallasida o‘tkazilgan hasharda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari B.Parpiyev, viloyat hokimi A.Mahmudaliyev ishtirok etdi. Unda so‘zga chiqqanlar ko‘zlangan maqsad va belgilangan rejalarni yuqori saviyada amalga oshirish borasida kerakli tavsiyalar berdi. Shu tariqa 330 xonadon va 12 ta ko‘chadan iborat mazkur mahallada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari qizg‘in boshlab yuborildi.
Aholi xonadonlari va ko‘chalar chetiga, ijtimoiy soha ob’ektlari hududlariga 16 ming tup rayhon, pomidor, bulg‘or qalampiri va turli gul ko‘chatlari ekildi. Daraxtlar oqlandi va bo‘sh yerlarga manzarali, mevali ko‘chatlar o‘tqazildi. Maxsus transport vositalari yordamida chiqindilar olib chiqildi. Ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berilib, xonadonlari, tomorqalari tartibga keltirildi.
Mahallalarning gullab-yashnashi, obod va go‘zal qiyofa kasb etishiga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar viloyatimizning barcha hududlarida davom ettiriladi.
Sh. Suyarov, Sh. Ortiqboyev,(suratlar), O‘zA