Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalar obod – yurt obod!
20:54 / 2025-08-22

O‘zbek xonadonlari o‘zining ozodaligi bilan fayzga to‘lib turadi. Buning zamirida uzoq davrlarga borib taqaladigan an’analar mujassamdir. Ayniqsa, bayramlar yaqinlashgan pallalarda bu an’analar yanada joziba kashf etadi. Yurtimizda esa bayram shukuhi hukm surmoqda. Qutlug‘ ayyomni toza va obod holda kutib olish maqsadida umumxalq hasharlari o‘tkazish ezgu an’anaga aylangan. Shu jihatdan, mamlakatimiz davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi arafasida ham respublika bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida xayriya hasharlari boshlangan.

Namangan viloyatida ham yuksak uyushqoqlik bilan tashkil etilayotgan xayriya tadbirlari doirasida shahar va tuman mahallalaridagi ko‘p qavatli uylar atrofi, ko‘cha va xiyobonlar, bolalar maydonchalari, ziyoratgohlar va qabristonlar tozalanib, tartibga keltirildi. Yangi daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazilib, mavjud yashil hududlar ham ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda.

Umumxalq xayriya hashari Uychi tumanining barcha mahallalarida ham uyushqoqlikda davom etmoqda. Xususan, “Yangiyer” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida keng ko‘lamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. “Mahalla yettiligi” xodimlari esa ko‘chalarga biriktirilib, “ko‘chabay” ishlar tashkil etilmoqda.

Yo‘l bo‘ylari begona o‘tlardan tozalanmoqda, suv yo‘llari ravon holatga keltirilmoqda, daraxtlarga shakl berilib, ostki qismi oqlanmoqda. Ayniqsa, tuman obodonlashtirish boshqarmasining ishchilari, Yoshlar ittifoqi vakillari va mahalla faollari ko‘tarinkilik bilan ishtirok etmoqda.

Erta tongdan Chortoq tumanidagi barcha mahallalarda xalqimizga xos hamjihatlik, o‘zaro yordam va birdamlik ruhi yaqqol namoyon bo‘ldi. Karnay-surnaylar sadosi ostida boshlangan hashar tadbirlarida davlat va jamoat tashkilotlari, korxona va muassasa xodimlari, shuningdek, keng jamoatchilik faollik ko‘rsatmoqda. 

Darhaqiqat, chortoqliklarning fidoyiligi namoyon bo‘layotgan hashar nafaqat mahallalarning ko‘rki, balki birdamlik va hamjihatlik timsoli sifatida ham katta ahamiyat kasb etmoqda.

Uchqo‘rg‘on tumanida mahalla faollari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, yoshlar va nuroniylar bir yoqadan bosh chiqarib hasharda qatnashmoqdalar. Xayriya hashari davomida ko‘p qavatli uylar atrofi, ko‘cha va xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar tartibga keltirildi. Yangi daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazildi, mavjud yashil hududlarga chiroyli ko‘rinish berildi.

Hasharda elimizga xos bo‘lgan, asrlar osha sayqal topib kelayotgan mehr va oqibat, insonparvarlik va saxovat kabi xislatlar yana bir karra o‘z ifodasini topadi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan homiylar ishtirokida ijtimoiy himoyaga muhtoj kambag‘al, nogironligi mavjud oilalar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari va zarur yordamlar taqdim etildi. 

Ta’kidlash joiz, Namanganda ikki kunlik xayriya hasharini yuksak saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasida muvofiqlashtirish shtabi tuzilgan. Ayni paytda shtab a’zolari shahar va tumanlarda davom etayotgan hashar jarayonlarini o‘rganib, tahlil qilib bormoqda.

Shtab ma’lumotlariga ko‘ra, umumxalq xayriya hashari doirasida viloyat bo‘yicha 754 mahalla, 121 aholi punkti, 2 ming 363 ko‘p qavatli uy, 417 mingdan ziyod hovli, 342 guzar, 18 xiyobon, 43 ziyoratgoh, 676 qabriston, 7 ming 17 ko‘cha, 1 ming 298 bolalar va sport maydonchasi obodonlashtiriladi. 3,9 millionga yaqin daraxtlar oqlanib, tagi yumshatilib, sug‘oriladi.

Qolaversa, 518 nafar ehtiyojmand oila, 14 ming 880 dan ortiq boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bor kishilar holidan xabar olinadi. Saxovat va ko‘mak sifatida 19,2 mingdan ziyod fuqarolarning uy-joylari tozalanib, tartibga keltiriladi. Shuningdek, 754 nafar fuqaroning uylari ta’mirlab beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, birdamlik va mehr-oqibat ruhida o‘tayotgan mazkur xayriya tadbiri insonlar ko‘nglida bayramona kayfiyat uyg‘otib, Vatanimiz mustaqilligi bayramiga munosib tuhfa bo‘lmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA