“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida ko‘chat ekish, yashil hududlarni barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu jarayonda viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar, mahallalar faol ishtirok etmoqda.
Bahorning ilk kunlarida "Mahalla" xayriya jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limi, uning tuman, shahar bo‘linmalari mutaxassislari nafaqat ko‘chat ekish ishlarida faol qatnashmoqda, balki nuroniy otaxon va onaxonlar, yakka-yolg‘iz yashovchi kishilar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar vakillari, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Jumladan, "Mahalla" xayriya jamoat fondi Asaka tumani bo‘linmasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumandagi Dasturxonchi, Beklar, Qadim va Devatagi mahallalarida ko‘chat ekish, obodonlashtirish tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbir davomida mahalla guzarlari, katta yo‘l bo‘ylariga, qiyin sharoitda yashayotgan oilalar xonadonlariga mevali, manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi.

– Yurtimizning har bir go‘shasini obod qilish, yashil hududlar barpo etish xayrli va savobli ish, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Asaka tumani bo‘linmasi mutaxassisi Abdusamad Sobirov. – Ushbu jarayon ayniqsa, tumanimizdagi barcha mahallalarda yuqori ko‘tarinkilik bilan olib borilmoqda. Hududlarni obod qilish bilan birga, jamg‘armamiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga xayriya va saxovat yordamlari ko‘rsatilmoqda.
Olib borilayotgan ishlar, ko‘rsatilayotgan e’tibordan mahallalar yanada obod, ko‘plab yurtdoshlarimiz ko‘ngli shod bo‘lmoqda. Bu kabi tadbirlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi bo‘linmalari tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),
O‘zA