Munosabat

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va infratuzilmani yaxshilash orqali mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun aniq mexanizmi bilan mablag‘ va resurslar ajratib berilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda jami 29,2 trillion so‘m mablag‘ jalb qilindi. Kambag‘allik reyestridagi 44,9 ming oilaning daromadini oshirishga 66,1 mingta xizmatlar ko‘rsatildi. Ayniqsa, hududdagi tashabbuskor rahbarlarning kambag‘al oilalarga biriktirish orqali ishlash tizimi katta samara berdi.
Misol uchun, Hamkor bank Olmaliq shahar filiali rahbari A.Turg‘unovga biriktirilgan Namuna mahallasida yashovchi M.Abdugaparovga “Oydin bozori” hududidan rasta ajratildi. Uning “FRESH CORN” MCHJda shirinliklar tayyorlash va sotish bo‘yicha faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida, oyiga 4 million so‘m ish haqi olmoqda. Shuningdek, turmush o‘rtog‘i ham tikuvchilik yo‘nalishida band qilinib, buyurtma asosida uy sharoitida daromad olmoqda. Xonadonga 5 kilovatt quyosh paneli olib berildi. Natijada oilaning o‘rtacha daromadi 6 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Aholini kambag‘allikdan chiqarishda, tadbirkorlikka jalb qilish, mikroloyihalar tashkil etish, kasbga o‘qitish, tomorqa va ijara yerlaridan unumli foydalanishning yo‘lga qo‘yilayotgani samara bermoqda. Xususan, o‘tgan yili joylardagi 32,3 ming gektar tomorqa maydonlarida 522,8 million tonna, ijara asosida ajratilgan yer maydonlarida 309,7 million tonna hosil olindi. “Sayxunobod tajribasi” asosida 44,5 mingta mikroloyihalar ishga tushirildi. Og‘ir mahallalardagi 83 ta sug‘orish loyihalari, 93 ta mahallalarda elektr ta’minoti yaxshilanishi natijasida 39 ming oilalarning daromadi oshirildi.
Misol uchun, Piskent tumani G‘ayrat mahallasida yashovchi Shukrullo Mirsoatov xonadonida 8 sotix yer maydoni suv yetishmasligi sababli yillar davomida foydalanilmagan. Tomorqada bu yil gulkaram, kartoshka ekinlari ekilib, 3 marta hosil olindi. Natijada, xonadon tomorqani o‘zidan 25 million so‘m daromad oldi. Bu kabi oilalar juda ko‘p.
Amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida, hududda 2025 yil o‘rtacha ish haqi 5,3 million so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 20 foizga oshdi. Daromad solig‘i to‘lovchilar soni 250 mingtaga oshib, 1 ming 499 mingni tashkil etdi. Shu bilan birga, 182 ta mahallalar kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirildi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida infratuzilma holati, aholi turmush darajasi, biznes faollik, moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida uchta “og‘ir” tuman aniqlandi. Bundan tashqari, har bir tumanni tahlil qilib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan o‘ttizta “og‘ir” mahalla tanlab olindi.
Qolaversa, o‘tgan yildan to‘rtta tuman, shaharda o‘ttizta “og‘ir” mahallaga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini olib kirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Agar asosiy kuch va resurslar shu manzillarga samarali yo‘naltirsa, kelgusida aniq ko‘zlagan maqsadga erishiladi.
Ziyodbek Yo‘ldoshov,
Toshkent viloyati kambag‘allikni
qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA.