Shu kunlarda Respublika ishchi guruhi mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda Bo‘ka tumanidagi Navobod va Qo‘ldoshtepa mahallalari infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyatini samarali tashkil etish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari P.Bobojonov hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ijrosi bilan tanishdi. Tuman hokimligida Prezident maslahatchisi G‘.Mirzayevning 2025 yil 29 sentyabr kuni tasdiqlangan tegishli bayoni – Bo‘ka tumanidagi tizimli muammolarni hal etish, Qo‘ldoshtepa va Navobod mahallalari infratuzilmasini yaxshilash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur joylarda shtablar tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Bu orqali infratuzilmani rivojlantirish, ijtimoiy ob’ektlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, bo‘sh turgan binolardan foydalanish, aholining bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Yig‘ilishda Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda viloyat boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Shundan so‘ng barcha mas’ullar mahallalarda bo‘lib, joylardagi islohotlar ijrosi, aholining ehtiyoj va muammolarini o‘rgandi. Mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar bilan suhbat o‘tkazildi. Aholi vakillari davlat rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida mahalla aholisi ishtirokida hashar tashkil etilmoqda. Ko‘chalarni obodonlashtirish, ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, eski simyog‘och ustunlarni temir-beton ustunlarga almashtirish, uylar atrofini tartibga keltirish, to‘siqlar bilan o‘rash, piyodalar yo‘lakchalarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

– “Obod mahallam uchun” shiori ostida keng ko‘lamli hashar tadbirida biz ham faol qatnashyapmiz. Mazkur ezgu tashabbus doirasida faol yoshlar va volontyorlar ishtirokida boquvchisiz, yolg‘iz keksalar holidan xabar olindi. Ularning uy-ro‘zg‘or yumushlarida ko‘maklashilmoqda. Bu sa’y-harakatlar orqali insoniy qadriyatlarni ulug‘lash, mehr-oqibat va hamjihatlik ruhini mustahkamlashga ham katta hissa qo‘shmoqdamiz, – deydi Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Xojiyev.

Shu bilan birga, Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi va Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari hududdagi 20-maktab bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashdi. Erkin muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan kasb-hunarlar haqida fikr bildirdi. Endilikda bitiruvchilar bandligini ta’minlash maqsadida maktabda to‘quvchilik, tikuvchilik va sanitar-texniklik yo‘nalishda o‘quv kurslari tashkil etiladi. Muloqot davomida Yoshlar ishlari agentligi loyihalari targ‘iboti ham o‘tkazildi.
A.Musayev, O‘zA.