Mamlakatimizda hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta’minotini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 25 oktyabrda qabul qilingan “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Farg‘ona viloyatida ham salmoqli ishlar boshlab yuborildi. 716 ta mahallalarda 719 ta loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning uchun 1 trillion 107,8 milliard mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Buning natijasida aholini yillar davomida qiynayotgan muammolar yechim topadi.
[gallery-9688]
Mazkur hududlarda ichki yo‘llar, ichimlik suv ta’minoti, oqava suv ta’minoti, elektr va gaz ta’minoti, ta’lim muassasalari, madaniyat, sport va boshqa ob’ektlarda qurilish ta’mirlash ishlari bajariladi. Hozirda dasturlar doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalar (ob’ektlar)ning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazildi. Loyihalar tanlovga qo‘yilib, pudratchi tashkilotlar aniqlanmoqda.
– Har bir hudud bo‘yicha ishlab chiqilgan 2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturini tasdiqlash hamda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi Manzuraxon Salimova. – Senatorlar, mahalliy kengash deputatlari mahallalardagi har bir loyihani nazoratga olib, bajarilayotgan ishlarni o‘rganib boradi. Mahalliy kengashlarning navbatdan tashqari sessiyalarida o‘rganishlar muhokama etiladi, mas’ul davlat tashkilotlari va mahalliy hokimliklarning hisoboti eshitiladi.
M.Sulaymonov,
O‘zA