Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalar barqaror elektr ta’minotiga ega bo‘ldi
18:37 / 2025-11-13

Guliston shahrida aholini barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.

Shaharning “Bo‘ston” va “Istiqlol” Mahalla fuqarolar yig‘ini hududida eskirgan havo elektr uzatish tarmog‘i 1 km uzunlikdagi zamonaviy yer osti kabel tarmog‘iga almashtirildi. Shu bilan birga, 72 ta ko‘p qavatli uyning taqsimlash shitlari ta’mirlandi, kirish elektr javonlari yangilandi, kabellar almashtirildi va hisoblagichlarning texnik holati sinchiklab tekshirildi.

Bu ishlarga 50 ga yaqin xodim va 5 dan ortiq maxsus texnika jalb qilindi. Hozirda mahalla aholisi yomon havo sharoitida ham barqaror elektr energiyasiga ega bo‘ldi.

–  Bu modernizatsiya ishlari nafaqat aholining turmush darajasini yaxshilash, balki mahallada ijtimoiy va iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu kabi ishlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi,  –   dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo filialining bosh muhandisi o‘rinbosari Anvar Oxunov.

Loyiha doirasida mahalladagi 72 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi 3 540 nafar aholi hamda ijtimoiy va kichik tadbirkorlik ob’ektlari ham  uzluksiz elektr ta’minotiga ega bo‘ldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri