Xalqimizda ezgu maqsadlarni o‘zida mujassamlashtirgan qadriyatlar ko‘p. Shunday qadriyatlardan biri hashar. Hasharda xalqimizga xos bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat mujassam. Mahalla ahli birlashib, ko‘chalar va aholi turar joylarida obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Bugun yurtimizning barcha go‘shalarida mustaqilligimizning 32 yillik bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalari holatini yaxshilash, “Mahalladan xonadongacha” tamoyili asosida mahallalar hududlarini obodonlashtirish orqali aholi farovonligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 30 iyuldan 30 avgustgacha respublikamizda “Obodonlashtirish oyligi” e’lon qilindi.

Oylik doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi, tuman va shahar bo‘linmalari ham faol ishtirok etmoqda.
Fondning viloyat bo‘limi tomonidan Navoiy shahar “Yangiariq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi ijtimoiy himoyaga va o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan oilalarning xonadonlarida ham obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Ne’mat bobo Jumayev 1938 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1961 yildan 2000 yilgacha Tojikistonning Dushanbe shahrida Qishloq xo‘jaligi universiteti Veterinariya fakultetida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Ayni paytda Navoiy shahri, ko‘chasida istiqomat qiladi. Turmush o‘rtog‘i Rahima aya Jumayeva ham uzoq yillar yosh avlodga saboq bergan. Hozirda ikkalasi ham pensiyada bo‘lib, bir nafar nabirasi bilan birga yashashadi.
– Xalqimizning qadriyatlari bor bo‘lsin, – deydi Ne’mat bobo. – Bugun fond xodimlari, mahalla faollari va qo‘ni-qo‘shnilar hashar qilishib, xonadonimizdagi daraxtlarga va yerlarga ishlov berildi. Ta’mirlash ishlari olib borildi. Deraza va eshiklar bo‘yaldi. Eski deraza oynalar almashtirilib, darvozamiz atrofi sementlandi. Bu e’tibordan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Momongiz bilan doimo duodamiz.
Tadbir yakunida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va Navoiy shahar bo‘linmasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kabi xayrli ishlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA