Munosabat

Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida so‘nggi to‘qqiz yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi, kelgusi taraqqiyot bosqichlarini aniq belgilab bergan dasturulamal hujjat bo‘ldi.
Undagi har bir so‘zda xalqqa bo‘lgan yuksak ishonch va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini his qildim. Ayniqsa, 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani, bugungi kunda jamiyatning eng kichik bo‘g‘ini bo‘lgan mahalla – islohotlarning bosh mezoniga aylanganidan dalolat beradi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi uchun Murojaatnomadan o‘rin olgan 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dasturda belgilangan vazifalar faoliyatimizning negizini tashkil etadi.
Xususan, asosiy soliq stavkalarining o‘zgarishsiz qolishi, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trillion so‘m resurs berilishi, mahallalarda 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish uchun 5 trillion so‘m kredit ajratilishi, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilishi – bizning saylovoldi dasturimizdagi eng ustuvor maqsadlar bilan to‘liq hamohangdir.
Shuningdek, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalar mamlakatimizda ishbilarmonlik faoliyati uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratadi.
Mahalla – nafaqat ijtimoiy hayotning asosiy bo‘g‘ini, balki tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va joylarda iqtisodiy faollikni oshirishning muhim instituti hisoblanadi. Mahallaning iqtisodiy rivojlanish drayveri sifatida ko‘rilgani ham bejiz emas. O‘zLiDeP mahallalarda kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish, ish o‘rinlari yaratish, fuqarolarning o‘z kuch va tashabbusiga ishonchini mustahkamlash tarafdori bo‘lib kelgan.
Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. 2026 yilda mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun ilk bor 20 trillion so‘m mablag‘ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatlarning o‘ziga berilayotgani – bu misli ko‘rilmagan imkoniyat va katta mas’uliyatdir. Endilikda mablag‘lar shunchaki sarflanmaydi, mahalla raisi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri hamkorligida aniq loyihaviy yondashuv asosida ishlatilishi iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashi muqarrar.
Toshkent viloyati tadbirkorlik va sanoat salohiyati yuqori hudud hisoblanadi. Murojaatnomada qayd etilgan 45 ta aglomeratsiya hududini belgilash va “Barqaror shahar” platformasini ishga tushirish kabi tashabbuslar Toshkent viloyatidagi aholi punktlarining zamonaviy qiyofaga kirishiga xizmat qilishi tayin.
Biz, deputatlar uchun Prezidentimiz tomonidan har bir okrugga 3,3 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi – saylovchilarimiz oldidagi muammolarni tezkor va samarali hal etish uchun katta kuch beradi. “Yashil hudud” yaratish tashabbusi esa ekologik barqarorlik yo‘lidagi muhim qadamdir. Umuman olganda, 2026 yil – davlat boshqaruvi va iqtisodiyotda tub burilish yili bo‘ladi.
To‘lqinjon Fayziyev,
O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi.
O‘zA.