Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalladan boshlanadigan barqaror taraqqiyot
07:53 / 2026-01-11

Munosabat

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida yurtimizda oxirgi yillarda bajarilgan ko‘lamli islohotlar natijalari bilan bir qatorda, yaqin va keyingi davr uchun belgilangan ustuvor vazifalar aniq-ravshan ifoda etildi.

2026 yilni “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilinishi bejiz emas. Chunki bugungi taraqqiyot strategiyasida aynan mahalla – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik barqarorlikning tayanch bo‘g‘ini sifatida qaralmoqda. Bu jarayonda ekologiya masalalariga alohida urg‘u berilgani, atrof-muhitni muhofaza qilish endilikda alohida yo‘nalish emas, balki jamiyat rivojining ajralmas qismi ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Bugungi iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining qisqarishi, havoning ifloslanishi kuchayib borayotgan sharoitda ekologik barqarorlik masalasi har bir hudud, har bir mahalla darajasida hal etilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifaga aylandi. Shu bois Murojaatnomada 2026 yilda ekologiya sohasiga 1 trillion 900 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi. Bu mablag‘lar sanoat korxonalarida zamonaviy filtr va ekologik monitoring tizimlarini joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Avtotransportdan chiqayotgan zararli gazlarni kamaytirish maqsadida ekologik stikerlar tizimini joriy etish, elektromobillar ulushini oshirish, jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar aholi salomatligini muhofaza qilish, shahar va qishloqlarda toza havoni ta’minlashga qaratilgan muhim choralar sifatida baholanmoqda. Murojaatnomada “yashil makon” va “yashil devor”lar barpo etish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tizimli ravishda amalga oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 

Joriy yil uchun belgilangan vazifalarning asosiy jihati shundaki, ekologik muammolarni hal etish markazdan emas, balki mahalla darajasida tizimli va manzilli amalga oshiriladi. Chiqindilarni saralash va qayta ishlash, ichimlik suvi manbalarini muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish, aholining ekologik madaniyatini oshirish kabi masalalar bevosita mahallalarda amalga oshirilishi belgilandi.

2026 yilda Namangan viloyatidagi mavjud 750 dan ortiq mahallalar kesimida ekologik muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, aholining ekologik savodxonligini oshirish, yoshlar va ayollarni “yashil” tashabbuslarga keng jalb etish yo‘nalishida izchil faoliyat olib boriladi.

Atrof-muhitni asrashga qaratilgan bugungi har bir amaliy qadam – kelajak avlodlar uchun sog‘lom, toza va barqaror hayotni ta’minlashga xizmat qiladi. Ekologiya masalalariga mas’uliyat bilan yondashish esa jamiyat yuksalishining muhim sharti bo‘lib qolaveradi.

Muzaffar Xudoyberdiyev,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Namangan viloyat kengashi raisi.

O‘zA.