Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan aholining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘nalishtirish va ko‘maklashish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Buning natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 325 mingdan ziyod fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi. Ularning tavsiyasi bilan hozirgi kunga qadar tijorat banklari tomonidan 34,4 ming nafar fuqaroga 623,9 milliard so‘m kreditlar ajratildi. 13 ming 365 ta tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 4,5 mingdan ortiq “mahallabay” mikroloyihadan 619,9 milliard so‘mlik 2,7 mingtasi ishga tushirilib, 10,7 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Farg‘ona shahridagi “Surxtepa” mahalla fuqarolar yig‘inida ham tadbirkorlik tobora rivojlanib bormoqda. Yaqinda “Xayrixon Kamol orzu” oilaviy poyabzal ishlab chiqarish korxonasining kengaytirilgan yangi loyihasi ishga tushdi.
Kamoliddin Zokirov rahbarligidagi ushbu oilaviy korxonada 2022 yil boshida 20 nafar ishchi bo‘lgan. O‘tgan yil yakuniga qadar mahalladagi hokim yordamchisi bilan hamkorlikda yana 50 nafar ishchi olindi.
[gallery-14632]
2022 yil noyabrda viloyat hokimining mazkur korxonaga tashrifidan so‘ng tadbirkor o‘z xonadonida ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish uchun qurilish ishlarini olib bordi. Jami 2 milliard 300 million so‘mlik qurilish va jihozlash ishlari amalga oshirilib, hozir ishlovchilar soni 150 nafarga yetdi. Korxonada 15 turdagi ayollar poyabzallari ishlab chiqarilmoqda.
M. Sulaymonov, M.Qodirov(surat),
O‘zA muxbirlari