Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalladagi xavfsizlik – mustahkam tinchlik garovi
10:10 / 2026-01-07

Prezidentimizning 2026 yil 5 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori yurtimizdagi har bir mahallani nafaqat obod, balki chinakam xavfsiz hududga aylantirish yo‘lidagi strategik qadam bo‘ldi.

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak 2025 yilda amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida mahallalarda jinoyatchilik 1,5 baravarga kamaygan. Yangi hujjat esa bu natijani mustahkamlash va sohani to‘liq raqamlashtirish orqali “jinoyatdan xoli hudud” konsepsiyasini hayotga tatbiq etishga qaratilgan.

Endi rahbarning ish kabineti mahallaga ko‘chadi. Ilgari mahalladagi jinoyat uchun asosan profilaktika inspektori javob berar edi. Yangi tizimga ko‘ra, vaziyat eng og‘ir bo‘lgan “qizil” mahallalar yuqori bo‘g‘in rahbarlariga nomma-nom biriktirildi. Masalan, 5 yildan buyon vaziyat yaxshilanmayotgan mahallaga shaxsan viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari yoki Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘i mas’ul bo‘ladi. Bu muammoni yuqori darajada va tezkor hal etish imkonini beradi.

Bu tizim mahalladagi muammolarni yuqori bo‘g‘indagi qaror qabul qiluvchi shaxslar bilan bevosita bog‘laydi. Agar mahallada ishsizlik tufayli jinoyat ko‘payayotgan bo‘lsa, biriktirilgan hokim o‘sha zahoti bandlik masalasini hal qiladi. Bu esa byurokratiyaga chek qo‘yadi, — deydi soha ekspertlari.

Bu galgi qarorning o‘ziga xosligi – jinoyatchilikka qarshi kurashga ilm-fanning jalb etilishidir. Uch yildan buyon vaziyat yaxshilanmayotgan mahallalarga huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy muassasalari biriktirildi. Olimlar mahalladagi jinoyatlarning asl omillarini o‘rganib, hududiy hokimlik va ichki ishlarga aniq “davolash” rejasini taqdim etadi. Bu yondashuv jinoyatchilikning oqibati bilan emas, balki uni keltirib chiqaruvchi ildizi bilan kurashishga xizmat qiladi.

Qaror bilan ichki ishlar organlari faoliyatiga ikkita yirik yangilik kiritilmoqda. 

Birinchisi — “Mening inspektorim” ilovasi bo‘lib u fuqaro va inspektor o‘rtasidagi masofani qisqartiradi. Endilikda aholi o‘z inspektoriga foto va video xabarlarni onlayn yuborishi va uning faoliyatiga baho berishi mumkin. 

Ikkinchisi — “E-nizoli oila” moduli bo‘lib u nizoli oilalar bazasini shakllantiradi va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali jinoyatning oldini oladi.

Ijtimoiy profilaktika jazo emas, balki ko‘makdir. Qarorda hokimlar zimmasiga har oyda kamida 2 ta og‘ir mahallaga borib, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish vazifasi yuklandi. Ko‘p hollarda mayda bezorilik yoki o‘g‘rilikning zamirida ishsizlik yoki ijtimoiy yordamga muhtojlik yotadi. Hokim mahallaga borib shu fuqaroni ishga joylashtirsa yoki tadbirkorlikka yo‘naltirsa, jinoyatning oldini olishga erishiladi. Qarorning asl mohiyati ham shunda — ijtimoiy muammoni hal etish orqali tinchlikni ta’minlash.

Ish bor joyda mas’uliyat ham bo‘ladi. Qarorga ko‘ra, jinoyatni yashirgan yoki hisobotlarni soxtalashtirgan rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi. Shu bilan birga o‘z mahallasida jinoyatchilikni jilovlagan va aholi roziligiga erishgan namunali xodimlar mahalliy byudjet hisobidan bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Yangi qaror — bu “xavfsiz mahalla” konsepsiyasining amaliy ifodasidir. Endilikda xavfsizlik uchun nafaqat soha xodimlari, balki hokimlikdan tortib ilmiy muassasalargacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlar birdek javobgar bo‘ladi. Bu esa har bir fuqaroning o‘z mahallasida xotirjam va farovon yashashiga xizmat qiladi.

A.G‘afforov

O‘zA