Mamlakatimizdagi har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Bu borada davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 avgustdagi PQ-253-son qarori bilan kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda alohida yondashuv asosida manzilli ishlash mexanizmlari joriy qilindi. IIV akademiyasi boshlig‘i mazkur qaror ijrosini ta’minlash va hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida ta’lim muassasasiga biriktirilgan mahallalarda bo‘ldi.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida mas’ullar, “mahalla yettiligi” tizimi vakillari va akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda jinoyatchilik omillari tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

“Joriy yil boshidan yangicha tizimda ishlashga o‘tildi. Hududlarga biriktirilgan rahbarlar, ayniqsa “mahalla yettiligi” vakillarining mas’uliyati oshirildi. Afsuski, ayrim mahallalarda bu boradagi ishlar hamon eskicha uslublarda tashkil etilmoqda. Mahallaning kriminogen vaziyati hammamizni tashvishga solishi kerak, shunda ko‘zlangan natijaga erishamiz”, – dedi akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov.
Yig‘ilishda mahalla hududida eng ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan manzilli ishlash, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Shu kunning o‘zida “Mirzo Ulug‘bek” mahallasining ahvoli ham o‘rganildi. Hudud faollari bilan muloqot chog‘ida jinoyatchilikni jilovlash bilan bog‘liq muammolar, kriminogen omillarni aniqlash va ularga barham berish, mahallani “qizil” toifadan chiqarish masalalari xususida fikr almashildi.
Akademiya boshlig‘i so‘nggi besh yil mobaynida sodir etilgan jinoyatlarga e’tibor qaratib, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda yangicha ish uslublarini joriy etish zarurligini ta’kidladi. Mahallaga biriktirgan professor-o‘qituvchilarga “mahalla yettiligi” tizimi xodimlarining ish tajribasini oshirish, ularga metodik yordam ko‘rsatish, “yo‘l xarita”lar ijrosini sifatli ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
O‘rganishlar davomida joriy yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jamshid Xolov,
IIV akademiyasi Axborot xizmati