Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalladagi hokim yordamchisi hokim bo‘ldi
17:16 / 2024-02-14

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi. Sessiya kun tartibi yuzasidan so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov keyingi yillarda Uchqo‘rg‘onda olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar asnosida islohotlarni amalga oshirishda xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligini ta’kidladi.

Sessiyada deputatlar tomonidan viloyat hokimining Jahongir Nosirjonovich Rizayevni Uchqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimidan ozod etish hamda Muhammad Abduhakimovich Haydarovni Uchqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qarorlari bir ovozdan ma’qullandi.

E’tiborlisi shundaki, yangi tayinlangan hokim eng quyi bo‘g‘in – Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchilari orasidan tanlab olindi. 

Muhammad Haydarov 1986 yil 17 aprelda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2011 yilda Namangan muhandislik iqtisodiyot institutini (hozirgi Namangan muhandislik-texnologiya instituti) tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi. 2022 yil yanvar oyidan buyon Namangan tumanidagi Olaxamak mahallasida hokim yordamchisi lavozimida ishlagan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan sessiya ishida hududni rivojlantirish, odamlarning bugunidan rozi bo‘lib yashashiga erishish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri