Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalladagi ezgu amallar ko‘plab oilalarga quvonch ulashmoqda
20:29 / 2023-08-25

Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami oldidan mamlakatimizda boshlangan “Mahallalarni obodonlashtirish oyligi” Farg‘ona viloyatida xalqimizning hamjihatligini yana bir bor namoyon etmoqda.

“Mahalladan – xonadongacha” tamoyili asosida olib borilayotgan obodlik, saranjom-sarishtalik ishlari bir dam bo‘lsada to‘xtagani yo‘q. Joylarda aholi turar joylari, ijtimoiy ob’ektlar, mahalla, qishloq, ko‘cha va xiyobonlarni turli chiqindilardan tozalash, daraxtlarni butash, oqlash, sug‘orish, ularning noqonuniy kesilishining oldini olish bilan bog‘liq ishlar qamrab olinmoqda.  

Ezgu maqsadlarga yo‘g‘rilgan obodonchilik, bunyodkorlik ishlari xayr-saxovat amallari, xalq hasharlariga ulanib ketmoqda. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati bo‘lim boshqaruvi hamda tuman va shahar bo‘linmalari sa’y-harakati bilan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yakka yolg‘izlar xabar olinib, moddiy va ma’naviy ko‘mak berib kelinmoqda. Uy-joylari ta’mirlanib, kundalik hayot tarzi uchun muhim bo‘lgan sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilyapti.  

O‘zbekiston tumani “Katta tagob” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Odinaxon Hamzayeva ehtiyojmand, yakka yolg‘iz yashaydi. Xonadoni ta’mirga muhtoj. Obodonlashtirish jarayonida xonadonga kelgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi vakillari uy-joyni ta’mirlash uchun mablag‘ hamda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari olib keldi. Dang‘ara tumani “Katta aravon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Mavjudaxon Ermatova bolalikdan nogiron bo‘lgan ikki nafar farzandini yolg‘iz tarbiyalab keladi. Topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi. Shu bois yashash uylari ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Oila hayot tarzidan xabar topgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Dang‘ara tumani bo‘linmasi qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi ko‘magida bu oilaga 5 million so‘m moddiy yordam ajratilib, uy-joylari ta’mirlab berildi.  

Qo‘qon shahrida joriy yilning iyun oyida buyum bozorida sodir bo‘lgan yong‘in natijasida xonadoniga zarar yetgan fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, yashash sharoitini yaxshilash va salomatligini tiklash uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qo‘qon shahar bo‘linmasi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.  

“Sunbula” mahalla fuqarolar yig‘ini istiqomat qilayotgan Baxtiyor Muhammadiyevning xonadoni tabiiy ofat natijasida zararlandi. Hozirda yashash uchun sharoit yo‘q. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan Qo‘qon shahar Kengashining tegishli qaroriga asosan bu oilaga 60 million so‘m moddiy ko‘mak berildi. Shu mahalladagi Omonlik ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Faridaxon Umarova xonadonida 14 kishi istiqomat qiladi. Yuz bergan noxush hodisa tufayli xonadon jiddiy zarar ko‘rgan. Obodonlashtirish, xayr-saxovat tadbirlari jarayonida bu oilaga ham moddiy ko‘mak ajratildi.  

Bunyodkorlik, obodonchilik, xayr-saxovat yo‘lida amalga oshirilayotgan amaliy tadbirlar doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan Xalq deputatlari Kengashi qarorlari bilan 20,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 34 mingdan ortiq “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ga kiritilgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli oilalar, nogironligi bo‘lgan oilalar, yolg‘iz qariyalar va boshqa ijtimoiy ko‘makka muhtoj ehtiyojmand oilalarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

M.Sulaymonov, O‘zA