English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalladagi bo‘sh turgan binoda xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi
17:16 / 2025-12-10

Prezident tashrifidan so‘ng

Davlatimiz rahbari 25 noyabr kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida viloyatda xotin-qizlar bandligini oshirish, ishsizlikni kamaytirish va tashqi migratsiyadan qaytgan ayollarga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab bergan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ayni paytda mahallalarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mas’ulligida xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi a’zolari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari, turli jamoat tashkilotlari xodimlari xatlov ishlarini olib bormoqda.

Gulmira Mamatqulova Urgut tumanidagi G‘o‘slik mahallasida yashaydi. Biror bir korxonada yoki davlat tashkilotida ishlamaydi. Lekin qo‘li gul hunarmand, zardo‘zlik bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga bu hunarni mahalladagi boshqa xotin-qizlarga ham o‘rgatib kelmoqda. Yaqinda mahalladagi bo‘sh turgan xona Gulmiraga ijaraga berildi va endilikda mahalla ayollari, yosh qizlar bu yerga kelib hunar o‘rganmoqda, ham daromad topyapti.

– Yoshligimdan, 13 yildan buyon zardo‘zlik qilaman, onalarimizdan meros bizga bu hunar, – deydi Gulmira Mamatqulova. – Bu mahallada yashay boshlaganimga 7 yil bo‘ldi va qo‘ni-qo‘shnilarga ham zardo‘zlikni o‘rgatib, birgalikda ishlayapmiz. 50 nafarga yaqin shogirdim, men bilan birga ishlayotgan ayollar, yosh qizlar bor. Ularning biror joyga borib ishlashga imkoniyati yo‘q, lekin uyida ro‘zg‘or yumushlaridan bo‘sh payti ko‘p. Ana shunday paytda ular mening yonimga kelib, zardo‘zlik qilishadi yoki men bergan buyurtmalarni uylarida bajarib kelishadi. Bu mahalladoshlarimizga juda qulay, ham ro‘zg‘or yuritishadi, ham ishlab qo‘shimcha daromad qilishadi. Mahallamizdagi bo‘sh binoni menga berib, shu yerda ishlang va ishsiz ayollarimizga hunar o‘rgating, deyishganda jon deb rozi bo‘ldim. Hozir bu yerdan odam arimaydi, qo‘ni-qo‘shnilarimiz uyda bekor o‘tirmay mahalla markaziga kelishadi, birgalikda ishlaymiz. Ayniqsa, yosh qizlar ko‘p kelyapti. Ular o‘qish bilan birga biror hunarni o‘rganib olishni maqsad qilganidan xursand bo‘laman. Tikayotgan zardo‘zi liboslarimizga bozorda talab juda katta. Kelib buyurtma berishadi, Toshkent va Dushanbe shaharlariga olib borib sotamiz. Qo‘l mehnati nozik, murakkab, shu bilan birga maroqli ish.  

G‘o‘slik mahallasi raisi Sabohat Nurullayevaning aytishicha, hududda 3470 nafar aholi istiqomat qiladi va ularning yarmidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. Ayollarning asosiy mashg‘uloti hunarmandchilik hisoblanadi. Shuning uchun kelgusida mahallada qo‘shimcha xona tashkil etib, zardo‘zlik bilan shug‘ullanadigan ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

– Ayollar bandligini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat sharoiti yaratish oldimizdagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi, – deydi Urgut tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Qobilova. – Tumanimizda amalga oshirilayotgan har bir loyiha, davlat va hududiy dasturlar doirasida bu masalaga alohida e’tibor qaratiladi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi imkoniyatlarimizni kengaytirdi. Mazkur qaror asosida mahallalarda kasanachilik va uy mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish orqali xotin-qizlarning bandligini va salomatligini ta’minlash maqsadida bandlik va salomatlikni mustahkamlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning uchun davlat tomonidan bir qator imtiyozlar berilgan. Ana shunday markazlar tashkil etish uchun biz ham tumanimizdagi 116 ta mahallada xatlov o‘tkazganimizda 65 ta bo‘sh turgan bino aniqlandi va bu joylarni mahallalardagi tadbirkor, hunarmand xotin-qizlarga berib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Shu paytgacha 12 ta mahallada shunday markazlar, kichik sexlar faoliyat ko‘rsatyapti. Navbati bilan boshqa mahallalarda ham markazlar tashkil etiladi.  

Bunday maskanlarning ayollar uchun qulayligi – ular boshqa joyga bormay, o‘z hududida ishlaydi, bolalari ko‘z oldida bo‘ladi, ro‘zg‘or yumushlari bilan bir paytda biror bir hunar yoki kasb bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shuningdek, yirik korxonalar, ishlab chiqaruvchilarning kasanachisi sifatida uyida turib ishlayotgan xotin-qizlarimiz safi ham kengayib bormoqda. Ayollar band bo‘lsa, birinchidan, ro‘zg‘ori uchun qo‘shimcha daromad qiladi, eri bilan birga oilasini mustahkamlash uchun harakatda bo‘ladi. Ikkinchidan, ishli, hunarli oilalarda ajrimlar yuzaga kelmaydi, beqaror muhit hukm suradi.  

Muhabbat Qobilovaning qayd etishicha, bugungi kunda tumandagi 300 mingga yaqin ayollarning 2,5 ming nafarini band bo‘lmaganlar tashkil etadi. Tumandagi korxonalarda bo‘sh ish o‘rinlari ko‘p. Lekin olis qishloqlardagi, hatto markazdagi mahallalarda yashovchi ayollarning hammasida ham bu korxonalarga borib, mehnat qilishga imkoniyat yoki xohish yo‘q. Mahallalardagi bandlik va salomatlik markazlari aynan shunday opa-singillarimiz uchun eng qulay ish joylari hisoblanadi.  

Ayni paytda tumanda ham migratsiyadan qaytgan va ishsiz ayollar bandligini ta’minlash maqsadida xatlov ishlari olib borilmoqda.

15 dekabrga qadar davom etadigan mazkur jarayonni muvofiqlashtirish maqsadida viloyat, shahar va tuman shtablari tuzilgan va shtab a’zolari oldiga bir qator vazifalar belgilab berilgan. Shu asosda hududlarda xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, tashqi migratsiyada yurgan xotin-qizlarni yurtimizga qaytarish hamda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Eng muhimi, xorijdan qaytgan, umuman, ishsiz xotin-qizlarni yuqori maosh to‘lanadigan ishga joylashtirish  belgilangan.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VBWY4M7OM_A" title="Mahalladagi bo‘sh turgan binoda xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video, surat),

O‘zA muxbirlari