Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallada zamonaviy futbol maydoni
16:21 / 2025-05-12

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida joylashgan O‘zbekiston mahallasining sportsevar yoshlari uchun mahallada zamonaviy futbol maydoni qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu loyiha “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida amalga oshirilib, unga umumiy hisobda 1 milliard 300 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan, sun’iy qoplamali mazkur maydon yoshlarning sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va futbol sport turi bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun qulay imkoniyat yaratdi.

Yangi inshootning ochilish marosimi tantanali tarzda tashkil etildi. Unda Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova, xalq ta’limi va sport muassasalari rahbarlari, mahalla faollari, yosh sportchilar hamda murabbiylar ishtirok etishdi.

Mahalla raisi Zokir Xo‘jamqulov ham tadbirda so‘zga chiqdi va mazkur inshoot mahalla yoshlarining uzoq kutilgan orzusi ekanini ta’kidlab, jumladan shunday dedi: 

– Bu sport maydoni mahallamiz yoshlari uchun katta tuhfa bo‘ldi. Ushbu imkoniyat uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz. “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasidagi ushbu loyiha mahallamizda ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratdi. Aholimiz ovoz berish jarayonida faollik ko‘rsatdi. Bugun biz ana shu hamjihatlik samarasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmoqdamiz.

Tadbir yakunida mahallaning yosh futbolchilari o‘rtasida ko‘rgazmali o‘yinlar o‘tkazilib, ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri