Keyingi yillarda mamlakatimizda har bir sohada yangicha yondashuv va milliy tajribaga asoslangan islohotlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 20 oktyabr kuni aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini tubdan isloh qilishga qaratilgan muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.
Bular Prezidentning “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi farmon va “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari sanaladi.
Bu hujjatlar sohani ilmiy-texnik yondashuv asosida zamonaviy tizimga aylantirish, xavfsizlik madaniyatini jamiyatda shakllantirish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha milliy tajribani yaratishni maqsad qiladi.

Yangi farmonda ham ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda sohani yangi bosqichga ko‘tarish uchun olti ustuvor yo‘nalish belgilab berildi. Avvalo, profilaktika ishlari endi ilmiy asosda, 9008 ta mahalla va 7,5 million xonadon darajasida amalga oshiriladi. Bu “mahallabay” va “xonadonbay” yondashuvni joriy etish orqali har bir hududning aniq ehtiyojini hisobga olish imkonini beradi.
Shuningdek, fuqaro muhofazasi, yong‘in xavfsizligi va davlat nazorati tizimlari transformatsiya qilinadi. Ya’ni, ularning talab va mexanizmlari zamon talabiga mos ravishda qayta ishlanadi. Qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga xavflarni bartaraf etish bo‘yicha yangi standartlar, zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi.
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 5 mingdan ortiq energetika, ishlab chiqarish va hayot faoliyati uchun muhim ob’ektlarda yangi metodikalar ishlab chiqiladi. Bu ishlarda raqamli yechimlar, sun’iy intellekt va robototexnika texnologiyalari faol tatbiq etiladi. Shu bilan birga, sohada dual ta’lim asosida malakali kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi va ilmiy-innovatsion hamda sinov-tadqiqot klasteri yaratiladi.
Prezident farmoni bilan sohani isloh qilish uchun maxsus konsepsiya va 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab, mahalliy hokimiyat organlarining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha hisobdorlik tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat hokimlari yiliga ikki marta o‘z hududlaridagi holat bo‘yicha tegishli Kengashlarga hisobot beradilar. Shuningdek, tuman va shahar hokimlari har chorakda mahalliy Kengash oldida hisobot berib, profilaktika ishlarining samaradorligi yuzasidan javobgarlikni zimmasiga oladi.
Yangi tashkiliy choralar: mahalla muhofazalangan hududga aylanadi
Prezidentning “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida esa mahallalarda profilaktik ishlarni tashkil etishning yangi tizimi aniq belgilab berildi.
Endilikda “profilaktika–muhofaza” tamoyili asosida “Mahallamizni favqulodda vaziyatlardan muhofazalangan hududga aylantiramiz” shiori ostida keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi. Har bir mahallada xavf darajalari ilmiy-texnik yondashuv orqali aniqlanadi. Shu asosda har bir hudud “qizil”, “sariq” yoki “yashil” toifaga ajratiladi.

Xavfi yuqori bo‘lgan mahallalar muntazam “xonadonbay” o‘rganiladi va ular uchun maxsus “yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi. Bu jarayon 9008 ta mahalla, 208 tuman va shahar hamda 14 hududni qamrab oladi. “Qizil” va “sariq” darajadagi mahallalarda esa kompleks profilaktika tadbirlari birinchi navbatda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, har bir mahallada “mahalla muhofazasi” xizmati tashkil etiladi. Bu inspektorlar xavfsizlikni nazorat qiladi, aholi bilan hamkorlikda tushuntirish ishlarini olib boradi.
2026 yildan boshlab Toshkent viloyatida “Mahalla muhofazasi” loyihasi sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi. Bu loyiha doirasida aholi xonadonlarida yong‘in, is gazi yoki elektr xavfiga olib keluvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha texnik-profilaktik choralar amalga oshiriladi.
Shartnoma asosida uy-joy fondlarida shamollatish kanallari va dudburonlar holati tekshiriladi, elektr va gaz jihozlariga xizmat ko‘rsatiladi. Yong‘inga qarshi vositalar nazorat qilinadi. Bu ishlar orqali aholining hayot faoliyati xavfsizligi ta’minlanadi.
Loyiha doirasida aholi o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari ham olib boriladi. Xavfsizlik bo‘yicha bukletlar, qo‘llanmalar tarqatiladi, profilaktik mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Ta’lim va xavfsizlik madaniyatini shakllantirish
Hujjatda ta’lim tizimi orqali aholida xavfsizlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 8 mingga yaqin bolalar uchun “Ilk qadam” dasturi doirasida “Xavfsiz harakat ko‘nikmalari” shakllantiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 11 mingdan ortiq umumta’lim va kasbiy ta’lim muassasalari hamda 500 dan ziyod oliy ta’lim tashkilotlarida “Hayot faoliyati xavfsizligi” mavzusida amaliy mashqlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, bahor va qish mavsumlaridan oldin mahallalarda ishsizlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan birgalikda o‘quv-mashqlar o‘tkaziladi. 2026 yildan boshlab esa 50 nafardan ko‘p xodimi bo‘lgan barcha tashkilotlarda shartnoma asosida o‘quv-amaliy o‘qitishlar yo‘lga qo‘yiladi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olishda aholi faolligini oshirish maqsadida “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlar “Biz birgamiz!” harakati doirasida har bir mahallani xavfsiz hududga aylantirishga hissa qo‘shadi.
“Mahalla – volontyor – davlat inspektori” hamkorlik zanjiri orqali tizimli faoliyat yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, faol volontyorlarga qator imtiyozlar beriladi. Masalan, Favqulodda vaziyatlar akademiyasiga kirishda jami to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar qo‘shiladi. Shuningdek, “mahalla yettiligi” tavsiyasiga asosan ular qutqaruvchi lavozimiga ishga qabul qilishda ustuvorlikka ega bo‘ladi.
Raqamlashtirish va innovatsiyalar yangi imkoniyatlar eshigini ochadi
Prezidentning “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa sohani zamonaviy raqamli platformalarga olib chiqishni maqsad qiladi.
Bu yo‘nalishda 14 ta ustuvor loyiha amalga oshiriladi. Ular doirasida “Digital Team” nomli idoralararo jamoa tashkil etiladi. 2026–2027 yillarda bu jamoaga 35 ta vazirlik va idora mutaxassislari jalb etiladi. Shu bilan sohadagi raqamli yechimlarni samarali integratsiya qilish ta’minlanadi.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti qayta tashkil etilib, endi u “Ilmiy-innovatsion va sinov-tadqiqot instituti” sifatida faoliyat yuritadi.
Bu institut 33 turdan ortiq qutqaruv jihozlarini mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, 12 turdagi qurilish materiallarining yong‘inga bardoshligini baholash tizimini joriy etadi.
Raqamlashtirish va innovatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirishda qator vazirliklar mas’ul etib belgilandi. Raqamli texnologiyalar vazirligi – axborot tizimlarini joriy etish, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi – ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi – investorlarni jalb etish, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank – moliyalashtirish ishlariga mas’ul bo‘ladi.
Qabul qilingan farmon va qarorlar O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlar sohasini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan tizimli islohotlarni boshlab berdi. Bu islohotlar nafaqat davlat tizimi, balki har bir mahalla, har bir xonadon, har bir fuqaro darajasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishni ko‘zlaydi.
Ya’ni endilikda xavfsizlik faqat davlatning emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyatiga aylanmoqda.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA sharhlovchisi