Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallada xavfsiz muhit choralari ko‘rildi (+video)
12:59 / 2026-02-10

Joriy yil 27 yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunali amaliyotni yo‘lga qo‘yishga doir aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik Bahodir Toshmatov Yunusobod tumanida manzilli o‘rganish ishlarini olib bordi. Unda tuman hokimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.

Tashrif davomida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari nisbatan yuqori bo‘lgan “Bog‘i shamol” mahallasidagi holat o‘rganildi. Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazilib, hududdagi mavjud muammolar atroflicha tahlil qilindi.

O‘rganishlar natijasida mahalliy infratuzilmadagi ayrim kamchiliklar, jumladan, tungi yoritish tizimidagi muammolar, kuzatuv kameralarining nosoz holatda ekani hamda profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish zarurati qayd etildi.

Ayniqsa, o‘rnatilgan videokuzatuv qurilmalarining barchasi ham ishchi holatda emasligi xavfsizlikni ta’minlashda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlandi. Mas’ullarga kameralarni ta’mirlash va yagona tizimga integratsiya qilish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, mahallani bosqichma-bosqich raqamlashtirish, xavfli hududlar xaritasini shakllantirish va profilaktika tadbirlarini aniq reja asosida tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Ko‘p qavatli uylar atrofini tungi vaqtda yoritish masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga ushbu yo‘nalishdagi ishlarni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Uchrashuvlar chog‘ida profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati, ularning moddiy-texnik ta’minoti va aholi bilan ishlash samaradorligi tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilab olindi.

Ta’kidlanganidek, jamoat xavfsizligini ta’minlash faqat bir idora zimmasiga yuklanadigan vazifa emas. Bu jarayon barcha mutasaddi tashkilotlar, mahalla faollari va aholining hamkorligida amalga oshiriladi.

Yunusobod tumanida olib borilgan manzilli ishlar mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilayotganidan dalolat beradi. Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida ijrosi tuman miqyosida barqaror va osoyishta muhitni ta’minlashga xizmat qiladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-r35j13iGco" title="Mahallada xavfsiz muhit choralari ko‘rildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nigora Rahmonova,
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA