Mamlakatimiz Prezidenti Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida 2025 yilda erishilgan yutuqlarni e’tirof etar ekan, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, xalqimiz o‘zining mashaqqatli va fidokorona mehnati bilan ulkan marralarni zabt etganini ta’kidladi.
Shuningdek, ushbu natijalar xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilayotgani, mamlakatimiz reytinglari yildan-yilga yaxshilanib, obro‘-e’tibori ortib borayotgani qayd etildi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish taklifi ahamiyatli ekani ta’kidlandi.
Boisi mening 44 yillik mehnat faoliyatimning asosiy qismi mahallalar bilan bog‘liq. Ishimizga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar iskanjasidan tortib, imkonsizlikdan eshik berkitib o‘tirganimizgacha bo‘lgan holatlar xuddi kechagidek ko‘z o‘ngimda.
Yangi davr islohotlari mahallani jamiyatning chinakam tayanchiga aylantirdi. U aholining tashvish va muammolarini eshitadigan, joyida o‘rganib hal qiladigan kuchga aylandi. “Tashabbusli byudjet”, “Mahalla yordamchisi” kabi institutlarning joriy etilishi muammolarga yuqorida emas, quyida yechim topilishiga zamin yaratdi.
Turli ijtimoiy “daftar”lar orqali xotin-qizlar, yoshlar, nogironligi borlar, shuningdek, mahalla infratuzilmalari bilan bog‘liq muammolarga yechim topilmoqda.
Shu o‘rinda viloyatimiz bo‘yicha so‘nggi yillarda 400 nafarga yaqin nogironligi bo‘lganlarning uy-joy bilan ta’minlanganligini misol sifatida keltirgim keladi. Boshpanasiga ega bo‘lgan ushbu fuqarolarning quvonchi, shukronasi, duosini so‘z bilan ifodalash nihoyatda mushkul. Ularning hayotdan roziligi ta’minlanib, ertangi kunga ishonchi mustahkamlandi. Chunki uy-joy boshpana emas, bu Vatan ichidagi kichik Vatan. Uyi bor odam o‘zini to‘laqonli Vatanim bor deb his etadi.
Esimda, “endi biz ham mehmon chaqira olamiz”, degan edi 12 yildan beri ijarama-ijara yashab kelgan, Nurotada istiqomat qiluvchi nogironligi bor ayol uy-joy kalitini qabul qilib olayotganida.
Darhaqiqat, mehmon haqida so‘z ketar ekan, yodimga tushadi: besh-olti yil ilgari Navoiy viloyatida bor-yo‘g‘i beshta mehmonxona faoliyat yuritar edi. Mehmon kelishi rejalashtirilsa, oldindan buyurtma berishga to‘g‘ri kelardi. Qishloq tumanlari haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi.
Bugun viloyat markazi va tumanlarida 80 ga yaqin yirik mehmonxona hamda 100 dan ziyod mehmon uylari barpo etilgan. Sarmishsoy, Nurota, To‘dako‘l, Aydarko‘l, Oltinsoy, Langar, Sentob kabi hududlarda tarixiy, ekoturizm, safari, plyaj va ziyorat turizmi yo‘nalishlari shakllantirildi.
Natijada 2016 yilga nisbatan sayyohlar oqimi qariyb o‘n baravarga oshdi. Bu esa aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi, oilalar daromad manbaining kengayishiga xizmat qilmoqda.
Albatta, bularning barchasi mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitning sog‘lomlashishida muhim omil bo‘lmoqda. Shuningdek, mahalla faoliyatini takomillashtirish yo‘nalishidagi islohotlar fuqarolarning mahallalarga ixlosi va ishonchini oshirdi.
Jamiyat ham aynan shu ixlos va ishonch asosida rivojlanadi.
Normurod Isoqov,
xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati.
O‘zA