So‘nggi yillarda aholi bandligini ta’minlash, oilalarning daromad manbalarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar mahallalar kesimida aniq natijalar bermoqda.
Ayniqsa, manzilli yordam, imtiyozli kreditlar va mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati o‘zaro uyg‘unlashgan holda yangi tadbirkorlik tashabbuslarini yuzaga chiqarmoqda.
Buning yaqqol misolini Qarshi shahridagi Bo‘ston mahallasida ko‘rish mumkin.
Mahallada istiqomat qiluvchi Ra’no Abdujalilova kambag‘allik reyestriga kiritilgan fuqaro sifatida mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyasi asosida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 33 million so‘m imtiyozli kreditga ega bo‘ldi. Mazkur mablag‘ evaziga u o‘tgan yil dekabr oyida quyonchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
– Boshida ikkilanishlar bo‘ldi. Lekin quyonchilikni o‘rganib chiqqanimdan so‘ng bu ish oilamiz uchun eng maqbul yo‘nalish ekaniga ishondim. Hozir 100 ga yaqin zotli quyonlarim bor. Daromadimiz barqarorlashdi, eng muhimi, o‘z mehnatimiz samarasini ko‘ryapmiz, – deydi Ra’no Abdujalilova.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, quyonchilik kam xarajat talab qilishi, katta yer maydoniga ehtiyoj yo‘qligi va mahsulotining bozorda talabgorligi bilan ajralib turadi. Quyon go‘shti parhezbop mahsulot sifatida aholi orasida tobora ommalashmoqda.
– Quyon parvarishi mahalliy sharoitga juda mos. Ozuqa bazasi arzon, ko‘payish sur’ati tez. Shu bois bu yo‘nalish kambag‘allikdan chiqishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Jamshid Abduazizov.
Ta’kidlash lozimki, mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham faollik oshmoqda.
Bo‘ston mahallasida tadbirkorlik faqat qishloq xo‘jaligi bilan cheklanib qolmayapti. Aholining kundalik ehtiyojlarini inobatga olgan holda savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tadbirkor Dilnavoz Tosheva tomonidan bolalar uchun mo‘ljallangan savdo do‘koni ishga tushirildi.
– Mahallamizda bolalar mahsulotlariga ehtiyoj yuqori edi. Shuni inobatga olib, ushbu yo‘nalishni tanladim. Hozir doimiy mijozlarimiz bor, yana ikki nafar fuqaroni ish bilan ta’minladik, – deydi u.
Shuningdek, Iroda Azizova gigiyenik vositalar, Umidullo Habibullayev esa go‘sht mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullana boshladi. Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida tadbirkor Doston Oripov tomonidan erkaklar sartaroshxonasi tashkil etildi.
– Ilgari mahalladoshlarimiz sartaroshxona uchun boshqa hududga borishga majbur edi. Endi esa qulay sharoit yaratildi, shu bilan birga men ham o‘z oilam uchun daromad manbaiga ega bo‘ldim, – deydi Doston Oripov.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mahalla kesimida amalga oshirilayotgan bunday loyihalar aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda Bo‘ston mahallasida amalga oshirilgan tashabbuslar natijasida 10 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
[gallery-27663]
Eng muhimi, quyonchilik kabi serdaromad yo‘nalishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi kichik bizneslar mahallaning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirmoqda. Bu esa davlat dasturlari, mahalliy boshqaruv va aholi tashabbuskorligi uyg‘unlashganda, kambag‘allikni qisqartirishda barqaror natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA