Bugungi kunda mamlakatimizda inson manfaati oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilib, barcha davlat idoralari faoliyatida aholi murojaatlari bilan ishlashning mutlaqo yangicha tizimi yaratilgan.
Ma’lumki, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida “drayver” sohalarni rivojlantirish va hududlar salohiyatidan to‘liq foydalanish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2030 yilga qadar mamlakatimiz iqtisodiyotini ikki barobar oshirib, “daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar” qatoriga kirish belgilangan. Shu maqsadda yurtimiz bo‘ylab hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Har bir shahar yo tumanning obodligi mahalladan boshlanadi, deganlaridek, bugun Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi “Guliston” MFY xodimlari tomonidan odamlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali aholi daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsiz fuqarolarni biror faoliyat turi bilan band qilish, shuningdek har bir xonadonda tadbirkorlik muhitini shakllantirishga alohida e’tibor berilmoqda.

Xususan, xonadonlar kesimida talab, taklif va ehtiyojdan kelib chiqib, biznes loyihalari taklif qilinmoqda. Yoshlarning tadbirkorlikka ilk qadam qo‘yishiga ko‘maklashilmoqda.
Joriy yil oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida mahallamizda 51 loyihaga jami 700 million so‘m imtiyozli kredit berildi.

Jumladan, “Musayev Turg‘unbek” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 100 million so‘m hisobidan qolipli g‘isht, beton qoplama quyish, devor uchun tumba ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va korxonada 4 yangi ish o‘rni yaratildi. Fuqaro Gulandom Abdurahmonovaga esa tikuvchilik yo‘nalishida 33 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu mablag‘ yordamida u o‘ziga tegishli binoda kichik tikuvchilik sexi tashkil qildi. Mahalladoshimiz Ruslan Xurramovga esa ko‘chma do‘kon ochish uchun joy olishga ko‘maklashilib, 20 million so‘m imtiyozli kredit berildi.

Guljahon Abdiyeva esa bankdan 33 million so‘m imtiyozli qarz olib, pomidor va bodring yetishtiriladigan issiqxonada 3 kishini ish bilan ta’minladi. Mahallamizda kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish maqsadida tashkil etilgan tuman 1-sonli kasb hunar maktabi va Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamkorligida ochilgan o‘quv kursida 33 xotin-qiz tikuvchilikka o‘qitilib, 7 nafar yoshga subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi. Shuningdek, “Alfraganus school” MCHJ ko‘magida 30 nafar yosh hamshiralik kursida o‘qitildi.

Bugun mahallalarga biriktirilgan har bir mas’ul xodim xonadonma-xonadon yurib, fuqarolarning yashash tarzi, shug‘ullanayotgan ishi bilan qiziqib, ularning murojaatlarini eshitmoqda, muammolarini o‘rganmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun yurtimizda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, odamlarning turmush sharoiti yaxshilanib, moddiy farovonlik ta’minlanmoqda. Ishsizlar soni keskin kamayib, mahallalarda yangi yo‘nalishlarda kichik tadbirkorlar ko‘paymoqda.

Xususan, mahallamizda g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilayotgan tadbirkor, usta-dehqon, keksa-yu yosh, barcha-barchani mushtarak maqsad – jondan aziz Ona-Vatanimizni yanada taraqqiy ettirish istagi birlashtirgan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Murodbek Qarshiyev,
Nishon tumanidagi “Guliston” MFYda hokim yordamchisi
O‘zA