Prezidentimizning 2024 yil 25 iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan aholining yashash darajasini oshirish, kundalik ehtiyojlarni o‘z vaqtida va sifatli hal etishga xizmat qiluvchi infratuzilmalarni rivojlantirish maqsadida respublikamizda tajriba tariqasida har bir shahar va tumandagi 208 mahallada servis kompaniyalarini tashkil etish belgilangan edi.
Jumladan, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani Bo‘ston mahallasida namunaviy loyiha asosida 76 million so‘m mablag‘ evaziga “Bo‘ston mahalla servis kompaniyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyat binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Binoning ochilish marosimida Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi Asadulla Najmiddinov, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Ilhomjon Ikromov, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdi.

Mazkur servis kompaniya aholiga elektr va santexnik ishlar, yerlarga ishlov berish, quduq qazish, ta’mirlash kabi 23 turdagi zarur xizmatlarni ko‘rsatadi. Bu orqali mahalla fuqarolari kundalik hayotda duch keladigan muammolarni joyida, tezkor va sifatli hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Mazkur muassasa 13 turdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Hozirda ushbu kompaniyada olti kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.


Mana shunday servis kompaniyalar Namangan viloyatidagi 14 ta mahallada joriy etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida aholining yashash sharoitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA