Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Tadbirkorlar hududi” mahalla fuqarolar yig‘inida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, og‘ir sharoitdagi ushbu mahallada qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining olib borilishida barcha rahbarlar hamjihatlikda hissa qo‘shishi zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda aholini qiynab kelgan masalalarga yechim topish, ularning hayotiy masalalarini, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar tizimli ravishda davom etmoqda.

Mazkur mahalla fuqarolar yig‘inida tasdiqlangan rejadagi ishlar doirasida ichki yo‘llar ta’mirlanadi, ichimlik suv, elektr, gaz tarmoqlari bilan bog‘liq masalalarga yechim topiladi, yordamga muhtoj fuqarolarning turar joylarini ta’mirlash choralari ko‘riladi. Shuningdek, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish, fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish ishlari ham olib borilmoqda.
Tadbirda tegishli tashkilotlar rahbarlariga vazifalar taqsimlanib, kelgusi rejalar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.