French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallada madaniyat markazi ish boshladi
15:00 / 2024-02-10

Davlatimiz rahbari raisligida ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kutubxonasi va to‘garak xonalari bo‘lgan madaniyat markazi barpo etish, hududlarda madaniy tadbirlar o‘tkazish va yoshlarni san’atga jalb qilish masalalari ko‘rsatib o‘tilgandi.

Mana shunday madaniyat dargohlaridan biri bugun Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi olis hudud Charog‘il mahallasida qad rostladi. Avvalgi holati abgor bo‘lgan ushbu maskan bugun mahallaning eng diqqatga sazovor joylaridan biriga aylandi. Madaniyat dargohini ta’mirlash ishlariga 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarf etildi. Bundan tashqari, ushbu markazni kitoblar bilan ta’minlash va jihozlash uchun tuman mahalliy byudjetidan 280 million so‘m mablag‘ jalb qilindi. 

Charog‘il mahalla fuqarolar yig‘inida ayni paytda 3 ming 666 nafar aholi istiqomat qiladi. Tuman aholisining ijtimoiy-ma’naviy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning maroqli dam olishini tashkil etish, yosh avlodni milliy va jahon san’atining nodir namunalaridan bahramand etish va mahalla ahlining, xususan yoshlarning madaniyati, ma’naviyati hamda ma’rifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi ushbu maskanda tikuvchilik, to‘quvchilik, rassomchilik, musiqa va estrada to‘garagi, shaxmat va shashka, qandolatchilik, kasanachilik, ingliz tili fanidan o‘quv kursi, IT kurslari va 2 ming 380 ta badiiy va ilmiy adabiyotlar mavjud kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 

[gallery-15905]

Ahamiyatlisi, tashkil etilgan to‘garaklarga 200 nafarga yaqin yosh qatnashishi rejalashtirilgan. Hududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari ham darsdan bo‘sh vaqtida markazga kelib, o‘zlari xohlagan yo‘nalishda mahorat oshirishi mumkin.

Madaniyat markazining tantanali ochilish marosimida Qashqadaryo viloyat hokimi M.Azimov ishtirok etdi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari