Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallada kutubxona ochildi (+video)
17:49 / 2024-03-20

Adliya vazirligi tashabbusi bilan “O‘zarxiv” agentligi Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tomonidan “Ziyo ulash” aksiyasi doirasida Navoiy shahridagi O‘zbekiston mahallasida kutubxona tashkil etildi.

Mazkur kutubxonaning ochilish marosimida mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, mahallalarga yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlarning jamiyatdagi rolini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi alohida ta’kidlandi. 

– Ushbu kutubxona mahallada istiqomat qilayotgan aholi vakillari, jumladan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi, – deydi “O‘zarxiv” agentligi Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi yoshlar yetakchisi Ilhom Toshpo‘latov. – Kutubxonada 200 dan ortiq kitob mavjud. Milliy va jahon adabiyoti durdonalaridan tashqari ilmiy, tarixiy, siyosiy hamda badiiy adabiyotlardan iborat. Shuningdek, bu yerda 50 dan ortiq elektron kitoblarni telefon orqali QR-kodni skanerlab, o‘qish imkoniyati yaratilgan. Bugungi kunda mahallada 5 506 nafar aholi istiqomat qilib, ularning 1 474 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat. Endilikda barcha aholi qatlami ushbu kutubxonadagi kitoblardan foydalanishi mumkin.

[gallery-16516]

– Ushbu kutubxonaning tashkil etilganligidan xursand bo‘ldim, – deydi yoshlardan biri Hojiakbar Quvondiqov. – Hozirda oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishga tayyorlanmoqdaman. Bugun kutubxonaning ochilish marosimi bo‘layotganligini eshitib keldim. Kitoblar bilan tanishdim. Men tayyorlanayotgan yo‘nalishga oid bir nechta kitoblar mavjud ekan. Qolaversa, kitoblarning elektron variantidan ham foydalanish mumkinligi kitob o‘qishga qiziquvchi har bir yosh uchun katta imkoniyatlardan biri, deb bilaman. 

Tadbirda mahalla faollari va nuroniylar so‘zga chiqib, kitobning inson kamolotidagi o‘rni hamda roli haqida fikr-mulohazalar bildirib, tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdi. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat+video), O‘zA muxbiri