bugungi kunda “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash xalq bilan samarali ishlash tizimiga aylandi.
Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish jarayonida ularni qiynab kelayotgan muammolar aniqlanib, yechimi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda va qisqa muddatlarda ijrosi ta’minlanmoqda.
Joriy yilning dastlabki kunlaridanoq mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan amaliy ishlar boshlab yuborildi. Belgilanganidek, ular tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida xonadonma-xonadon yurib, oilalarning ahvolini o‘rganmoqda.

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov Navoiy viloyati, Navbahor tumanida bo‘lib, “Sarbozor” MFY hokim yordamchisi Jamshid Hamroyev bilan birgalikda mahallada aholi muammo va takliflarini o‘rgandi.
O‘rganishlar jarayonida hokim yordamchisi J.Hamroyev Prezidentimizning 2021 yil 4 martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “Davlat + fuqarolik jamiyati institutlari + tadbirkorlik sub’ektlari” ta’moyili asosida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning mahallabay tizimini joriy etishga qaratilgan loyiha doirasida mahallada “Iste’molchilar markazi”ni tashkil etish tashabbusini bildirdi.

“Iste’molchilar markazi”da aholi muammolarini tizimli o‘rganish va ularning aniq hal etilishida davlat boshqaruvi va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlikda ishlashning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda fuqarolarning savdo, gaz, elektr va suv ta’minoti, kommunal xo‘jaligi, ekologiya, qurilish, kadastr, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa va boshqa sohalardagi murojaatlari mahallabay ko‘rib chiqilishida huquqiy maslahatlar berilishi bilan bir qatorda mavjud muammolarning joyida hal etilishiga sharoit yaratiladi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan har bir mahalla kesimida “Iste’mol daftari” shakllantiriladi.
– “Iste’molchi daftari” – mahalladagi mavjud xonadonlar kesimida muammolarni jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etilishi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, aholining iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni belgilovchi va tartibga soluvchi o‘zaro munosabatlar bo‘yicha tuzilgan shartnomalarning bajarilish holati va natijadorligini belgilovchi pasportdir, – deydi J.Sarimsoqov.

bugungi kunda Navbahor tumanidagi mavjud 41 ta mahallada hokim yordamchilari ish olib bormoqda.
– “Sarbozor” mahallamizda 464 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 2442 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi hokim yordamchisi Jamshid Hamroyev. – Hozirda aholining 921 nafari tashkilot va korxonalarda ishlasa, 47 nafari turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, hududimizda mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanuvchilar, uzoq muddatga chet elda ishlash uchun ketgan fuqarolarimiz ham bor. Bu esa bizdan oilalar holatini real o‘rganib, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish, ishlamaydigan fuqarolarni doimiy ishlarga jalb qilish bo‘yicha mas’uliyatli bo‘lishimizni anglatadi.
Mahalla yordamchisining tegishli tashkilotlar xodimlari bilan hamkorlikda olib borgan o‘rganishlari davomida 15 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, “Sarbozor” ko‘chasiga 600 metr elektr energiya liniyasi tortilgan bo‘lsa, “Istiqlol” ko‘chasining 500 metri hashar yo‘li bilan shag‘allashtirildi.
– O‘rganishlar jarayonida mahalla aholisidan takliflar ham so‘ralib, so‘rovnomalar to‘ldirilmoqda, – deydi J.Hamroyev. – So‘rovnoma natijasiga ko‘ra 47 ta xonadonda tikish mashinasi, 14 ta xonadonda motokultivator, 31 ta xonadonda payvandlash uskunasi borligi aniqlandi. Endi qiladigan ishimiz ularni bir joyga to‘plagan holda faoliyat boshlashni rejalashtirayapmiz. Shuningdek, yangi inkubator olib kelib o‘rnatdik. Shu asosda 100 nafarga yaqin kishining bandligini ta’minlash niyatidamiz.
Mahallada kichik issiqxona, chorva mollari uchun gidroponika usulda ozuqa ishlab chiqarish, baliqchilikni rivojlantirish, “ustoz-shogird” an’anasini yo‘lga qo‘ygan holda hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yish borasida ishlar olib borilmoqda.
Olib borilayotgan ishlarga qaramasdan mahallada hal qilinishi lozim bo‘lgan muamolar ham mavjud. Jumladan, “Istiqlol”, “Sarbozor”, Sharof Rashidov ko‘charida istiqomat qiluvchi aholini ichimlik suvi bilan, “Istiqlol” ko‘chasidagi gazlashtirilmagan 20 ta xonadonga tabiiy gaz liniyasi o‘tkazish, “Davriqo‘rg‘on-2” ko‘chasining ta’mirtalab holga kelib qolgan qismini, shuningdek, "Istiqlol” va “Davriqo‘rg‘on” ko‘chalarini bog‘lab turuvchi ichki yo‘lning 1,5 kmini ta’mirlash lozim.
Ayni paytda mavjud muammolarni hal qilish choralari ko‘rilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA