So‘nggi yillarda yurtimizda mahalla institutining ijtimoiy hayotdagi roli yanada mustahkamlanmoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan joriy etilgan yangi tizim — mahallalarda hokim yordamchilari faoliyati ana shu jarayonning muhim tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qilmoqda, deyish mumkin.
Bu amaliyotning asosiy maqsadi – aholining muammolarini joyida hal etish, turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kambag‘allikni qisqartirishdan iborat.
Har bir shahar yo tumanning obodligi mahalladan boshlanadi, deganlaridek, bugun Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi “Guliston” MFY xodimlari tomonidan odamlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali aholi daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsiz fuqarolarni biror faoliyat turi bilan band qilish, shuningdek har bir xonadonda tadbirkorlik muhitini shakllantirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Xususan, xonadonlar kesimida talab, taklif va ehtiyojdan kelib chiqib, biznes loyihalari taklif qilinmoqda. Yoshlarning tadbirkorlikka ilk qadam qo‘yishiga ko‘maklashilmoqda. Jumladan, mazkur mahalladagi hokim yordamchisi Murodbek Qarshiyev tashabbusi bilan fuqaro Umida Narzullayevaga kichik tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 66 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratilishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Natijada ushbu fuqaro mahallada sutni qayta ishlab chiqarish sexini yo‘lga qo‘ydi.
Eng muhimi, ushbu loyiha natijasida 5 nafar xotin-qiz hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan bir kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Bunday loyihalar nafaqat ish samaradorligini oshiradi, balki davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan “Mahallani iqtisodiy kuchga aylantirish” g‘oyasining hayotga keng tatbiq etilayotganligini yaqqol tasdiqlaydi.
O‘zA