Davronbek Nurniyozov 22 yoshda. U Nurota tumani, “Avazsoy” mahallasida yashaydi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Mahalladagi yoshlar yetakchisi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar jarayonida uning kasb-hunar o‘rganishga qiziqishi borligi sabab payvandlovchi kasbiga o‘qitildi va unga tegishli tartibda sertifikat ham berildi.
– Payvandchilikni o‘rganganimdan so‘ng, menga subsidiya asosida payvandlash uskunasi berildi, – deydi Davronbek. – Payvandlash uskunasini olganimga 3 oy bo‘lgan bo‘lsa, har oyda 1,5-2,5 million so‘m atrofida mablag‘ topyapman. Asosan mahallamiz hududida ishlayapman. Fermer va tadbirkorlarimizning qurilish-ta’mirlash ishlariga yordamlashaman. Ishlab, oilamiz iqtisodiga foydam tegayotganidan xursandman. Hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisiga rahmat. Payvandlash ishlari chiqib qolsa, telefon orqali bog‘lanib, aytishadi. Borib ish haqini kelishgan holda payvandlash ishlarini bajarib beraman.
bugungi kunda “Avazsoy” mahallasida 16-30 yoshgacha 405 nafar yosh istiqomat qilsa, ularning 30 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan shu kunga qadar ularning 21 nafari daftardan chiqarildi.
– Mahallamizda 17 ta banddan iborat “Yoshlar dasturi” ishlab chiqilib, bugungi kunga qadar dasturning 16 ta bandi to‘liq bajarildi, – deydi yoshlar yetakchisi Ravshan Bo‘riyev. – Jumladan, mahalladagi 3 ta ko‘chada istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida 4 ta ko‘rik-tanlov va loyihalar, 10 ta sport musobaqasi o‘tkazildi. Bir nafar yoshning yarim yillik kontrakt to‘lov-shartnoma puli, 2 nafar yoshga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tash uchun pul badali to‘lab berildi. 6 nafar yoshga subsidiya asosida 4 ta tikuv mashinasi, 2 ta payvandlash uskunasi olib berildi. Xullas, mahallamizda birorta yosh e’tibordan chetda emas. Ularning oilaviy sharoiti muntazam ravishda o‘rganilib, tegishli tartibda yordam ko‘rsatilmoqda.
bugungi kunda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahallada 396 ta xonadonda 2250 nafar aholi istiqomat qiladi. Barcha xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan. O‘rganishlar natijasida mahalladagi ishsizlarni ish bilan ta’minlash, ularning daromadini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
[gallery-8052]
Jumladan, kooperatsiya usulida gilam to‘qish sexi tashkil qilinib, 18 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Bir fuqaroga 240 million so‘m imtiyozli kredit olib berilib, 14 sotixli issiqxona barpo etildi va 3 ishsiz fuqaro ishli bo‘ldi.
Bundan tashqari chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 16 nafar fuqaroga 478 million so‘m imtiyozli kredit olib berildi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Shuhrat Zokirov. – Shuningdek, 9 nafar tadbirkorlik qilish, 40 nafar issiqxona qurish, 7 nafar parrandachilik, 17 nafar tikuvchilik qilish niyati borlarga, 15 nafar kasb-hunar o‘rganishni xohlaganlarga ko‘maklashish orqali ularning ham bandligi ta’minlandi. Joriy yilda 22 nafar fuqaroga subsidiya, “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 70 nafar fuqaroga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratishni rejalashtirganmiz. Bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish orqali servis xizmatlari tashkil etilib, 13 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mahallada aholi, xususan, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratishda “Avazsoy Chorva Poliz” fermer xo‘jaligining alohida o‘rni bor.
Hudud aholisi asosan, chorvachilik bilan shug‘ullangani bois, bu hududda tomorqa madaniyati talab darajasida shakllanmagan, ekin yerlariga faqatgina ozuqa ekinlari, beda yoki makkajo‘xori ekib kelingan.
Mahallalarda hokim yordamchilari tizimi joriy etilgach, ushbu hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish, ishsizlik darajasini kamaytirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida tomorqadan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Natijada xokim yordamchisi ko‘magi bilan “Avazsoy Chorva Poliz” fermer xo‘jaligiga “Agrobank” ATBdan 1,4 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi va “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida 60 ta xonadonga bir-ikki sotixli 90 sotix issiqxona qurib berildi.
– Bu issiqxonalar asosan ijtimoiy daftarlar ro‘yxatiga kiritilgan mahalladoshlarimiz xonadonlariga qurildi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Nuriddin Davlatov. – Birinchi hosilda har bir issiqxonaga 25 ming donadan rediska ekildi. Natijada, 210 ming bog‘ rediska hosili markazlashgan holda 315 million so‘mga sotildi. Shundan 78 million so‘mi xonadon egalariga ish haqi sifatida berildi. Mart-aprel oylarida ikkinchi hosil sifatida har bir issiqxonaga 480 tadan jami 28,8 ming dona bulg‘or qalampiri ko‘chatlari ekildi. Hozirgacha ushbu ko‘chatlardan yetishtirilgan 15 tonna bulg‘or qalampiri 105 million so‘mga sotildi va 26 million so‘mi xonadonlarga berildi.
– Dastlab issiqxonalar qurilgach, mahalladagi aholini tomorqa madaniyatiga o‘rgatish jarayonida dangasalik kayfiyatiga berilgan, boqimanda xonadon egalari bilan ham alohida ishlashga to‘g‘ri keldi, – deydi hokim yordamchisi Shuhrat Zokirov. – Ularni ushbu kayfiyatdan chiqarish hamda issiqxona xarajatlarini qisman qoplash maqsadida mehnat nisbatan kam talab qiladigan ekinlarni ekishga alohida e’tibor qaratildi/ 30 ta xonadonda tashkil etilgan issiqxonaga iyun oyi oxirida har biriga 30 ming donadan 900 ming dona sarimsoqpiyoz ekildi. Ushbu mahsulotni ko‘kat holatida sotish orqali 360 million so‘m daromad olish ko‘zda tutilgan.
Fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yil iyun oyida ye-auksion savdo maydonchasi orqali bir gektar yer maydoni sotib olinib, 20 nafar yoshning bandligini ta’minlash maqsadida 3,15 sotixdan issiqxonalar qurib berilmoqda. Ushbu issiqxonalar uchun agronom jalb etilib, yoshlarga parallel ravishda issiqxona ekinlarini parvarishlash ishlari o‘rgatilmoqda.
Mahalladagi “Oqtepa” qishlog‘ida yashovchi Erkin Hamidovning tomorqasi 20 sotix bo‘lib, shundan 2,5 sotix uy joy, 2 sotix yordamchi binolar va ekin yer maydoni 15,5 sotixni tashkil etadi. O‘tgan yillarda xonadon egasi tomonidan ekin yerlariga faqatgina ozuqa ekinlari ekib kelingan.
– Hokim yordamchisi va lider tadbirkor “Avazsoy chorva poliz” fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan 8,7 million so‘m mablag‘ hisobiga bir sotixli kichik issiqxona qurib berildi, – deydi E.Hamidov. – Dastlab issiqxonada 25 ming dona rediska mahsuloti ekilib, markazlashgan holda sotildi. 2,3 million so‘m ish haqi oldim. Ikkinchi hosil uchun 480 ta bulg‘or qalampiri ko‘chati ekildi. Hozircha birinchi terimdan 500 kg mahsulot evaziga 4 million so‘m daromad olindi. Yil yakuniga qadar bulg‘or qalampirining o‘zidan 20 million so‘m daromad olishni ko‘zlab turibman.
Fermer 25-30 nafar ishsiz aholini jalb qilgan holda oyiga 2-2,5 million so‘mdan ish haqi evaziga xo‘jalik hududidan tabiatdan olinadigan isiriq va na’matak kabi dorivor o‘simliklar yig‘ib olinib, qadoqlangan holda Isroil davlatiga 48 ming dollarlik eksport amalga oshirildi.
Prezidentimiz 18 iyul kuni ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat yetishtirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish, shu bilan birga g‘alla yetishtirish va xarid qilishni moliyalashtirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib yaxshi tajriba va tizim yaratgan tuman, mahallalar haqida to‘xtalib, Nurota tumanida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholagan edi.
Albatta, bugungi kunda davlatimiz tomonidan qo‘yilayotgan asosiy talab ham aholi bandligini ta’minlagan holda daromadini oshirish, ularning yashash tarzini o‘zgartirishdir. “Avazsoy” mahallasida amalga oshirilayotgan ishlardan esa boshqalar ham o‘rnak olsa arziydi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA