“Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati Buxoro viloyati filiali xodimlari «mahallabay» tizimi bo‘yicha samarali ishlari olib borishmoqda. Masalan, birgina Kogon tumanida 23 mahallalardagi 17 074 oilalar holati o‘rganildi. Kerakli yordam ko‘rsatish maqsadida ularga 28 nafar tadbirkor biriktirildi. Barcha mahallarda «temir daftar», «xotin-qizlar daftari» va «yoshlar daftari» ga kiritilgan fuqarolarga oid ma’lumotlar yangilandi. Mezonlarga to‘g‘ri kelmaydigan oilalar ro‘yxatdan chiqarildi.
Filial xodimlari fuqarolarni bichish-tikish, qandolatchilik kabi ularni qiziqtirgan kasb-hunarlarga o‘qitish kurslariga jalb qilish ishlarini olib borishmoqda. Shuningdek, tadbirkorlarning muammolarini hal etish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida yangi biznes-loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish, mahallalarning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishda mavjud imkoniyatlardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, «Choloki» mahallasida yashovchi Nodira Xolmurodova bankdan olgan kredit hisobiga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi va oilaviy byudjetga o‘z hissasini qo‘shayotganidan mamnun.
– Salomatligimning yomonlashgani sababli meni «temir daftar»ga kiritishgan edi, – deydi Nodira XOLMURODOVA. – «Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati tikuv mashinasi xarid qilishim uchun kredit ajratdi. Uy ishlaridan bo‘sh vaqtimda xotin-qizlar uchun libos tikaman, bu juda daromadli kasb. Bundan tashqari, issiqxona tashkillashtirishim uchun ham yordam ko‘rsatishdi.
–Aholi bilan ishlash jarayonida hamyurtlarimizga 597 bosh qoramol, 65 600 bosh uy parrandasi, 4000 ta ko‘chat hamda 249,5 sotix yer uchun 14,9 milliord so‘m kredit mablag‘i kerakligi ma’lum bo‘ldi. Mahallamizda 502 ta xonadonda 2531 nafar kishi istiqomat qiladi, 665 ta uy xo‘jaligi bor, – deydi Kogon tumanining «Choloki» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mirzohid BERDIEV. –36 nafar ayollar «xotin-qizlar daftari»ga, 59 nafar yigit-qizlar «yoshlar daftari»ga, ikki nafar fuqaro «temir dlaftar»ga kiritilgan. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati viloyat bo‘limining ularga biriktirilgan ishchi guruhi zarur yordamni ko‘rsatmoqda. Mahalla yoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 33 million so‘mdan kredit ajratildi va ularning tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha o‘z bizneslarini tashkil etishlariga yordam ko‘rsatildi.
– Mahallamizda 609 ta xonadonda 619 ta oila yashaydi. bugungi kunda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati xodimlari aholining barcha muammolaridan xabardorlar, ular tegishli yordam ko‘rsatib kelishmoqda, - deydi Kogon shahar «Bunyodkor» mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Muhabbat SHOMURODOVA. – «Temir daftar»ga kiritilgan bir hamyurtimiz doimiy ish bilan ta’minlandi, yana bir uy bekasiga kreditga tikuv mashinasini xarid qilish uchun yordam ko‘rsatildi. Bank va hamkor tashkilotlar xodimlari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish va manzilli yordam ko‘rsatish, xayriya va yordam tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
«Mahallabay» tizimi bo‘yicha ishlash jarayonida 80 nafar fuqaroga 1600 bosh uy parrandasi, 2 ta tikuv mashinasi taqdim etildi, 184 nafar hamyurtimizga issiqxonalar tashkil etish uchun yordam ko‘rsatildi, 66 nafar kishining bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, mahallalarga biriktirilgan bank xodimlari 268 ta bo‘sh yotgan obektlar holati o‘rganilmoqda. Shulardan 84 tasi loyihalarini amalga oshirishlari uchun 74 nafar tadbirkorga berildi. Loyihalar amalga oshirilsa, 478 ta ish o‘rni tashkil etiladi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati Buxoro viloyati filiali xodimlari bundan keyin ham aholiga kerakli yordam ko‘rsatishni davom ettiradi.
"Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki" aksiyadorlik jamiyati Matbuot xizmati